English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hisoblagichga tashqi ta’sir yetkaziish orqali tabiiy gaz talon-toroj qilingan
14:05 / 2021-10-17

Navoiy shahar “Tinchlik” qo‘rg‘onida joylashgan “S.S.I.” MCHJga tegishli issiqxona va ohak ishlab chiqarish sexida olib borilgan o‘rganish ishlari natijasida ta’minot korxonasiga 295 million 99 ming so‘m moddiy zarar yetkazilganligi aniqlandi.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ushbu bitta noqonuniy holat natijasida qish mavsumining bir oyida 350 ta xonadonni ta’minlashga yetadigan tabiiy gaz talon-toroj qilingan.

Tabiiy gazdan oqilona foydalanish, belgilangan talablarga qat’iy amal qilish har bir iste’molchining majburiyati hisoblanadi. Yo‘qsa, bu baxtsiz hodisalarga yoki boshqa hududlar iste’molchilarining gaz bosimi bilan bog‘liq muammolariga sabab bo‘lishi mumkin.

Navoiy shahar “Tinchlik” qo‘rg‘onida joylashgan “S.S.I.” MCHJga tegishli issiqxona va ohak ishlab chiqarish sexida qarzdorlik mavjudligi va ushbu ob’ekt mavsumiy iste’molchi bo‘lganligi bois tarmoqdan uzilgan.

“Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filialining yuridik shaxslarga tabiiy gazni yetkazib berishni nazorat qilish bo‘limi hamda “Hududgaz Metrologiya” filiali Navoiy bo‘limi mas’ullari iste’molchilarning tabiiy gazdan oqilona foydalanishini nazorat qilish bo‘yicha navbatdagi profilaktik tadbirlari davomida sexda o‘rganish olib borilganda, iste’molchi tabiiy gazga o‘zboshimchalik bilan ulanib olganligi, sexdagi gaz sarfini hisobga olish uskunasi ishlamasa-da, amalda tabiiy gaz iste’mol qilinayotganligi ma’lum bo‘ldi

Xolislar ishtirokida hisoblagich yechib olinganda, unga tashqi ta’sir yetkazilib, parragiga metal sim tiqish orqali ko‘rsatkich to‘xtatilganligi aniqlandi. Shuningdek, sexdagi gaz jihozlari xatlovdan o‘tkazilganida barcha gaz yongichlar nostandart, qo‘lbola usulda bo‘lib, sertifikatlanmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu ohak ishlab chiqarish sexida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish orqali ta’minot korxonasiga 295 million 99 ming so‘m moddiy zarar yetkazilgan. Sex tabiiy gaz tarmog‘idan payvandlash yo‘li orqali to‘xtatildi.

Yuqorida qayd etilgan holat bo‘yicha barcha materiallar huquqni muhofaza qilish idoralariga topshirildi.

 

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA