Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hisob palatasining jamoatchilik oldida OAV vakillari ishtirokida hisobot berib borish tizimi joriy qilinadi
19:33 / 2023-06-20

“O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun Hisob palatasining byudjet mablag‘lari ustidan tizimli nazorat o‘rnatish samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan.

Qonun bilan Davlat byudjeti mablag‘larini maqsadli sarflanishini ta’minlash va rahbarlarning javobgarligini oshirish uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha qoidalar kiritilmoqda.  

Jumladan, byudjet tashkilotlarining, byudjet mablag‘larini oluvchilarning, davlat maqsadli jamg‘armalarining hamda belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamg‘armalarning mol-mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan oz miqdorda talon-toroj qilish aniqlangan taqdirda Hisob palatasi tomonidan ma’muriy jarimaga tortilishi belgilanmoqda.

Palata faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, har chorakda kamida bir marta o‘z faoliyati to‘g‘risida jamoatchilik oldida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida hisobot berib borish tizimi joriy qilinmoqda.

Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi majlisida shu haqda gap bordi.  

Navbatdagi yalpi majlis kun tartibiga kiritilishi rejalashtirilgan masalalarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish jarayonida “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.  

Kiritilayotgan yangilikka ko‘ra, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda uning hududiy organlari o‘z zimmasiga yuklatilgan vakolatlarga muvofiq fuqarolik sudlariga ko‘rib chiqish uchun berilgan da’volar va shikoyatlar yuzasidan davlat bojini to‘lashdan ozod qilinmoqda.

Qonun bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan da’volar, arizalar va shikoyatlar bilan sudga murojaat qilganda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinmoqda.

Senatorlar mazkur qonunning qabul qilinishi davlat organlariga sudlarga murojaat qilish uchun ajratilgan davlat boji to‘lovidan tejalgan mablag‘larni tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlarining va iste’molchilarning huquqlari yanada ishonchli himoya qilinishini ta’minlash uchun yo‘naltirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

N.Abduraimova, O‘zA