Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hindistonning yangi prezidenti nomi e’lon qilindi
11:43 / 2022-07-22

Kecha Hindistonning yangi 15 chi prezidenti nomi e’lon qilindi, ya’ni 21 iyulda “Bxaratiya janata Parti” (BJP) yetakchiligidagi Milliy-demokratik alyansdan nomzodi ko‘rsatilgan Draupadi Murmu mamlakatning yangi prezidenti deb e’lon qilindi. U Hindiston tarixida ikkinchi ayol prezident hisoblanadi.

Hindistonda prezident saylovi 18 iyulda bo‘lib o‘tdi. Parlamentda jurnalistlar uchun berilgan so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, jami 3 ming 219 ta ovoz berilgan bo‘lib, umumiy qiymati 838 ming 839 tani tashkil etadi. Shundan 2 ming 161 ovozni Murmu olgan va ushbu ovozlarning qiymati 577 ming 777 taga teng bo‘lgan. Uning raqibi muxolifatchilar vakili Yashvant Sinx esa 1 ming 58 ta ovoz olan va bu ovozlarning qiymati 261 ming 62 taga tenglashtirildi. Mamlakatda ovozlarni sanab chiqish tizimiga ko‘ra,  har bir saylovchining ovozi u mansub bo‘lgan  shtat aholisi sonidan kelib chiqib turlicha “qiymat” kasb etadi.  

Yuqorida ta’kidlanganidek, Murmu respublika prezidenti lavozimini egallagan ikkinchi ayol bo‘ldi. (Birinchi ayol prezident 2007-2012 yilda Pratibxa Patil bo‘lgan edi). Bundan tashqari, Murmu Hindiston mustaqillikka erishgandan keyin, ya’ni ozod mamlakatda dunyoga kelgan birinchi prezident hisoblanadi.  

Yangi prezident 25 iyulda qasamyod qabul qiladi. Amaldagi prezident Ram Natx Kovindning vakolati 24 iyulda tamom bo‘ladi.  

Draupadi Murmu 1958 yil 20 iyunda Odisha shtatining Mayurbxanj okrugidagi Baydaposhi qishlog‘ida tug‘ilgan. Unga qadimgi Maxabxarat dostonidagi bosh qahramon podshoh sharafiga Draupadi ismi  berilgan.  

Hindiston prezidenti millat ramzi hisoblanadi, U davlatning rahbari va oliy bosh qo‘mondoni hisoblanadi. Biroq  haqiqiy hokimiyat mamlakat bosh vaziriga tegishli. Prezident asosan vakillik vazifalarini bajaradi va hukumatni rasman tasdiqlaydi. Respublikadagi “birinchi va bosh fuqaroning” asosiy vazifasi — mamlakat Konstitutsiyasi va qonunchiligini himoya qilish hisoblanadi.  

Hindiston prezidenti besh yillik muddat bilan saylanadi. Umuman, mamlakat Konstitutsiyasi  bir kishiga davlatning oliy lavozimini bir necha muddatga egallashiga izn beradi. Masalan, Hindistonning birinchi prezidenti Rajendra Prasad hokimiyat tepasida ikki marotaba bo‘lgan edi, shundan keyin siyosiy elitada davlat rahbarligini faqat bir muddat egallash an’anaga aylandi.  


S.Rahimov, O‘zA