Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hindistonning mashhur kinokompaniyasi O‘zbekistonda film s’yomkalarini boshladi
10:45 / 2019-10-15

Hindistonning eng yirik kinokompaniyalaridan biri hisoblangan “Panorama Studios” O‘zbekistonda “Khuda Haafiz” nomli romantik jangari filmi s’yomkalarini boshladi. Film rejissyori Faruk Kabir.


Hindistonning eng yirik kinokompaniyalaridan biri hisoblangan “Panorama Studios” O‘zbekistonda “Khuda Haafiz” nomli romantik jangari filmi s’yomkalarini boshladi. Film rejissyori Faruk Kabir. 

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabar berishicha, “Khuda Haafiz” filmi s’yomkalarida qatnashish uchun Hindistondan 130 kishi va AQSh, Rossiya hamda qator Yevropa mamlakatlaridan 30 kishi O‘zbekistonga kelgan. Shu bilan birga, ijodiy jarayonda O‘zbekistondan ham 1000 dan ziyod kishi – aktyorlar, texnik personal jalb qilinmoqda. 

O‘zbekistondagi s’yomkalar budjeti 1 million dollarga yaqinni tashkil qilishi kutilmoqda. Film nafaqat Toshkent shahri, balki Xivada ham suratga olinadi. Shundan so‘ng ijodiy guruh o‘z ishini Hindistonda davom ettiradi.

“O‘zbekistonda film suratga olayotganimizdan juda xursandmiz. Bu biz uchun nafaqat bu yerda ishlash, balki mamlakatingiz bilan yaqindan tanishish uchun yaxshi imkoniyatdir. Mamlakatingiz rahbariyati bugungi kunda kinoturizm sohasiga katta e’tibor qaratmoqda. Tez orada butun dunyo s’yomkalar uchun noyob lokatsiyalardan xabardor bo‘ladi, zero 2020 yildan boshlab O‘zbekistonda “rebate” tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Ishonchim komilki, bundan keyin O‘zbekistonda xorijiy mamlakatlar, ayniqsa Hindiston kinokompaniyalari oqimi kuzatiladi”, - dedi film prodyuseri Satish Sharma. 

Shuningdek, u Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zbekkino” milliy agentligi va O‘zbekiston milliy kinokomissiyasiga yurtimizda film s’yomkalarini tashkillashtirishda ko‘rsatilayotgan yordami uchun minnatdorlik bildirgan hamda kelgusida bu yerda yana bir necha yirik loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirayotganini qo‘shimcha qilgan.