Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, “NOVA PHARM” O‘zbekiston-Hindiston qo‘shma korxonasi bosh direktori Satvinder Singx va hamkorlari Vikas Panvar hamda Namrita Singxlar Termiz shahriga safari doirasida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov qabulida bo‘ldi.
Samimiy muloqot chog‘ida farmatsevtika va tibbiyot sohalaridagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdi. Tomonlar mehmonlarning janubdagi voha markazida oliy ta’lim muassasasi va zamonaviy klinikani o‘z ichiga olgan tibbiyot klasteri tashkil etish loyihasi taklifini ham atroflicha muhokama etdi. Qayd etildiki, yangi loyiha amalga oshsa viloyatda tibbiy infratuzilma tubdan rivojlanib, soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash va aholiga yanada sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.

Muzokaralar yakunida loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq tashkiliy-huquqiy masalalarni hamkorlikda hal etish va o‘zaro aloqalarni kengaytirishga kelishildi.
Ayni paytda Termiz shahridagi “NOVA PHARM” O‘zbekiston-Hindiston mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxonasida turli dori vositalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri