Hindistonlik mutaxassislar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali va Vobkent tumanidagi subfilialda bo‘lib, aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali hamda Hindistonning Dehli shahrida joylashgan “JAYPEE” klinikasi o‘rtasida memorandum imzolangan edi. Unda ikki mamlakat tibbiyot sohasi yetakchilari ishtirokida tibbiy ko‘riklar va jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish orqali mamlakat tibbiyotini yangi bosqichga ko‘tarish belgilangan. Loyiha doirasida har ikkala tomonning imkoniyat va tajribalari o‘rganiladi. Shuningdek, murakkab yo‘nalishlardagi jarrohlik amaliyotlari birgalikda bajariladi. Filial va subfilialning mutaxassislari ham Hindistonga borib xorij tajribasini o‘zlashtiradi.
Mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikning davomi o‘laroq, tashrif buyurgan hindistonlik tibbiyot olimlari kardioxirurg mutaxassislar Samanta Mainak, Luthra Manoj filial direktori T.Musoyev hamrohligida filial va Vobkent tumanidagi subfilial faoliyati va bemorlar bilan yaqindan tanishdi. Mutaxassislarimiz bilan bemorlarning ahvoli to‘g‘risida maslahatlashildi.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida davolanayotgan 61 nafar va Vobkent tumanidagi subfilialda davolanayotgan 32 nafar bemor ham tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tasdiqlangan tashxis asosida tegishli tibbiy tavsiya va maslahatlar berildi. Bu kabi hamkorlikni davom ettirish borasida kelishib olindi.
Bundan tashqari xorijlik mehmonlar Buxoro shahriga sayohat qilib, shaharning tarixiy me’moriy obidalari bilan tanishdi.
Zarif Komilov, O‘zA