Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hindistonlik shaxmatchi muddatidan avval “Prezident kubogi” g‘olibiga aylandi
14:20 / 2025-12-12

Poytaxtimizda shaxmat bo‘yicha o‘tayotgan “Prezident kubogi” turnirining yakunlanishiga 1 ta tur qolganda muddatidan avval g‘olib aniqlandi.

Ortda qolgan 8-turda hindistonlik Nihal Sarin oq donalarda harakatlangan hamyurtimiz Shamsiddin Vohidovni mag‘lub etishi natijasida 6 ochko jamg‘argan holda “Masters” guruhidagi peshqadamligini saqlab qoldi.

Mukofot jamg‘armasi 80 ming AQSH dollaridan iborat turnirda g‘oliblikka da’vogarlardan biri sanalgan terma jamoamiz a’zosi Muhiddin Madaminov 8-turda oq donalarda fransiyalik Maksim Lagardega imkoniyatni boy berib qo‘yishi tufayli g‘oliblik poygasidan chiqib ketdi.

Aytish lozim, aynan Madaminov turnirning 6-turida Nihalni mag‘lub etgandi. 9-tur o‘yinlari ostonasida har ikki yetakchi shaxmatchimizning raqiblariga yo‘l berishi natijasida turnirda birinchi raqamda tasniflangan Nihal Sarin to‘rtinchi bor tashkil etilayotgan “Prezident kubogi-2025” turnirida muddatidan avval 1-o‘rinni rasmiylashtirishga muvaffaq bo‘ldi.

Bugun, 12 dekabr kuni xalqaro turnirning so‘nggi 9-turida Sarin oq donalarda hamyurtimiz Abdumalik Abdusalimov bilan kuch sinashsa, Sh.Vohidov germaniyalik Frederik Sven bilan, Madaminov ukrainalik Yuriy Kuzubov bilan ro‘baro‘ keladi.

Eslatib o‘tamiz, “Prezident kubogi-2025”ning “Masters” guruhida 1-o‘rinni egallagan shaxmatchi 8 ming, 2-o‘rin sohibi 6 ming va 3-o‘rindan joy olgan shaxmatchi 5 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA