Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hindistonlik g‘avvoslar xazina umidida…
12:03 / 2025-07-17

"Reuters" suhbatdoshi 67 yoshli Ramu Gupta har tong Dehlidagi Yamuna daryosiga boradi. U suv ostidan tanga, shisha idish va metall parchasini yig‘ib, bozorda sotib pul ishlovchi g‘avvoslardan biri.

Gupta shu ishidan oyiga taxminan 5 000 rupiy (taxminan 58 dollar) topadi. Asosiy kunlik ishi - farroshlikdan tashqari bu qo‘shimcha daromadini nabiralari uchun tejab qoladi.

Hindlar daryoni muqaddas bilishadi. Tanga, gul, kokos mevasi va hatto tilla taqinchog‘ini ham “daryo ma’budasiga” atab suvga tashlaydi. Himolaydan boshlanuvchi eng muqaddas daryolardan biri hisoblangan Yamuna qirg‘og‘ida o‘tkaziladigan jasad kuydirish marosimi chog‘ida ham daryoga qimmatbaho buyumlar irg‘itishadi.

Gupta 35 yildan beri ertalab va kechqurun daryoga sho‘ng‘iydi, kun davomida yana odatiy yumushini bajaradi. O‘zi tan olishicha, iflos suv ostida ishlash sog‘lik uchun xavfli bo‘lsa-da, shunga majbur.

29 yoshli Arvind Kumar ham 12 yildirki shu ish bilan kun kechiradi.   - Barqaror daromad yo‘q, - deydi u. - Ba’zan kuniga 600 rupiygacha topaman, bu hukumat belgilagan eng kam ish haqi - 710 rupiydan kamroq.

G‘avvoslar suv ostidan ko‘pincha tanga, yelim va shisha buyumlarni chiqarishadi. Ahyon-ahyonda tilla bo‘lagi, uzuk yoki marjon ham nasib etib qoladi. Darvoqe, ba’zan ular cho‘kkan jasadni topib berishadi yoki oqib ketayotgan insonni qutqarishadi. “Kimnidir qutqarsak, o‘zidan ham ko‘proq quvonamiz,” deydi Gupta.

Musulmon Ziyo, O‘zA