Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hindistonga safar samarali bo‘ldi
09:43 / 2023-02-22

Farg‘ona davlat universiteti Hindistonning mamlakatimizdagi elchixonasi bilan yaqin hamkorlikda ishlamoqda. Xususan, o‘tgan yili universitetda “Hindiston o‘quv xonasi” tashkil etilgani ham ana shu hamkorlikning amaldagi ifodasidir. Ikki mamlakatning oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi o‘zaro tajriba almashish borasida amaliy ishlar ham yuksalmoqda. Jumladan, joriy yilning yanvar oyida universitetimiz vakillari Hindistonda xizmat safarida bo‘lib, ta’lim sohasida aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Agra shahridagi "O‘zbekiston va Hindiston: o‘zaro madaniy aloqalar" nomli xalqaro konferensiya juda samarali kechdi. Tadbirda ikki mamlakat madaniy aloqalari haqida so‘z borar ekan, ushbu tadbir nafaqat O‘zbekiston va Hindiston madaniy aloqalarini, balki ilmiy aloqalarni ham rivojlantirib, mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Dehli shahridagi oliy ta’lim muassasalaridan biri Dehli o‘qituvchilar universiteti faoliyati bilan tanishdik. Bizni universitet vitse kansleri, professor Dhananjay Joshi kutib oldi va universitet faoliyati bilan tanishtirdi.  

Nyu Dehli shahridagi Ghalib institutida o‘tkazilgan O‘zbekiston- Hindiston munosabatlariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada mushtarak aloqalar xususida so‘z yuritildi. Anjumanda ikki davlatlarning oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi hamkorlik masalalari haqida ma’ruza qildim. Tadbirda O‘zbekistonning Hindiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Dilshod Ahatov ishtirok etdi.  

O‘zbekiston delegatsiyasi bilan birga Nyu Dehlida joylashgan, dunyo reytingida nufuzli o‘rinda turuvchi Javoharlal Neru universiteti faoliyati bilan tanishdik. Ikki oliy o‘quv yurti o‘rtasida o‘qituvchilar malakasini oshirish hamda talabalar almashinuvini tashkil etish yuzasidan fikr almashdik. Bizni quvontirgan narsa ushbu universitetda chet tili sifatida o‘zbek tilining o‘qitilishi bo‘ldi. Hind talabalarining o‘zbek tiliga bo‘lgan ishtiyoqlari ancha baland ekan. Ayniqsa, ular bilan o‘zbek tilida muloqot qilganimiz bizni yanada quvontirdi.  

Yana bir dunyo reytingida nufuzli o‘rinda turuvchi Jamia Millia Islamia universitetida o‘zbek tili o‘qitilishini eshitib, boshimiz ko‘kka yetdi. Ushbu universitetda bizni kutib olgan professor Tasleyem Shahiddan talabalarga bu yerda kim o‘zbek tili o‘rgatishini so‘raganimizda, kulib “kamina”da, dedi.  

Professor Tasleyem Shahid Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga kelib, o‘zbek tilini o‘rganib ketgan ekan. Hozirda hind talabalariga o‘zbek tilini o‘rgatmoqda. Biz ushbu universitet bilan ham doimiy hamkorlik qilish yuzasidan kelishuvga erishdik.  

Xullas, Hindistonga qilgan safarimiz juda samarali bo‘ldi. Hindiston oliy o‘quv yurtlari bilan yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro hamkorligimiz o‘ylaymizki, ko‘p yillar davom etadi va bu hamkorligimiz ikki davlat oliy o‘quv yurtlari uchun ham manfaatli bo‘ladi.

Muhammadjon Mamajonov,  

Farg‘ona davlat universiteti chet tillari fakulteti dekani,  

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori ((PhD), dotsent  

O‘zA