Hindistonning Dehli shahridagi “Yashobhoomi Expo Center” majmuasida yirik xalqaro anjuman – Janubiy Osiyo mamlakatlari turizm yarmarkasi (SATTE) tashkil etildi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi mazkur tadbirda o‘z stendi bilan qatnashmoqda. Ko‘rgazma davomida xorijlik ishtirokchilar va tashrif buyuruvchilarga O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati, boy madaniy-tarixiy merosi namoyish etilmoqda.

Tadbirning ochilish marosimida mamlakatimiz delegatsiyasi nomidan so‘zga chiqqan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev mazkur ko‘rgazmaning ahamiyati haqida so‘zladi.
O‘tgan yili O‘zbekistonga sakson ming nafardan ziyod hindistonlik sayyoh tashrif buyurgan. O‘zbekiston havo yo‘llari va IndiGo aviakompaniyalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar va samarali elektron viza tartibi turizm sohasidagi hakorligimiz imkoniyatini yanada oshirmoqda.

Hindiston bilan tarixiy aloqalarimiz mustahkam. Xususan, turizm sohasidagi hamkorligimiz yildan yilga rivojlanmoqda. Shu nuqtai nazardan O‘zbekistonning bu anjumandagi ishtiroki hamkorlikni chuqurlashtirish, xalqlarimizni yanada jipslashtirish uchun yana bir imkoniyat.
Uch kun davomida ko‘rgazmaga qirq mingdan ziyod mehmon tashrif buyurishi kutilmoqda. O‘ttiz ikki yillik tarixga ega ushbu yarmarka, bugun janubiy Osiyoning yetakchi B2B turizm tadbiriga aylandi.
Ko‘rgazma davom etmoqda.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA muxbiri
Dehli, Hindiston