Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hindistondagi universitet bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi
15:25 / 2021-05-25

Mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar soha va tarmoqlar uchun yetuk kadrlar yetishtirib berishda muhim omil bo‘lmoqda. Oliy ta’lim muassasalari xorijiy mutaxassislar va universitetlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yib, ta’lim samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratishmoqda.

Yaqinda Toshkent davlat yuridik universiteti va Hindistonning Milliy sud ekspertizasi universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Shu munosabat bilan ZOOM platformasi orqali tashkil etilgan tadbirda Toshkent davlat yuridik universiteti va Hindistonning Milliy sud ekspertizasi universiteti rahbariyati hamda ikki oliy ta’lim muassasalarining mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Toshkent davlat yuridik universiteti Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limining bergan ma’lumotiga ko‘ra, tadbir davomida rektorlar o‘z universitetlari faoliyati, amalga oshirilayotgan islohotlar, ilmiy salohiyati hamda hamkorlik memorandumining mazmun-mohiyati, maqsadi, vazifalari va kelgusidagi rejalar xususida ma’lumot berdi. Ta’kidlanganidek, ushbu hamkorlik ikki universitet mutaxassislari o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ilmiy va madaniy hamkorlikni mustahkamlash, har ikki mamlakatda yuridik ta’lim va fanni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Qayd etish joizki, Hindistonning Milliy sud ekspertizasi universiteti milliy institut maqomiga ega bo‘lgan sud ekspertizasi, kriminologiya, kiberxavfsizlik, raqamli sud ekspertizasi va boshqa ekspertiza fanlarga bag‘ishlangan dunyodagi birinchi va yagona universitet hisoblanadi. Universitet 2008 yilda Gujarat qonunchilik assambleyasi qarori bilan Gujarat sud ekspertizasi universiteti sifatida tashkil etilgan. 2020 yilda Hindiston Respublikasi hukumatining qarori bilan unga milliy ahamiyatga ega bo‘lgan universitet maqomi berilgan.

Hamkorlik memorandumida faol akademik mobillik dasturlari, Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilarining sud ekspertizasi yo‘nalishida stajirovka va malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalar ustida ish olib borish hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy qilish nazarda tutilgan. Bundan tashqari, uchrashuv davomida Toshkent davlat yuridik universitetida Milliy sud ekspertizasi universiteti ko‘magida sud ekspertizasi laboratoriyasini barpo etishga kelishib olindi.  

 

Muhtarama Komilova, O‘zA