Hindistondagi bo‘yoq zavodida yuz bergan yong‘in oqibatida 11 kishi halok bo‘ldi
Kecha tunda Hindistonning poytaxti tumanlaridan biridagi bo‘yoq zavodida yong‘in chiqib, kamida 11 kishini hayotdan olib ketdi, to‘rt kishini jarohatladi, deb yozgan “NDTV”.
O‘t o‘chiruvchilar ma’lumotiga ko‘ra, alanga portlashdan so‘ng ko‘tarilgan va ikki omborxona va giyohvandlikdan davolash markazini ham qamrab olgan.
– Yong‘in qo‘shni uy va narkologiya markaziga o‘tdi, – deydi Dehli yong‘inga qarshi xizmati direktori Atul Garg. – Portlash sodir bo‘lib, bino quladi, 11 ishchi halok bo‘ldi. Jasadlar butunlay yonib ketgan, ularning shaxsini aniqlash qiyin.
Ofatning aniq sababi hozircha noma’lum, yo‘qolganlarni qidirish davom etyapti. Rasmiylar omborda saqlanayotgan kimyoviy moddalar portlagan, deya gumon qilishmoqda.
Hodisa yuzasidan tergov olib borilyapti.