Amerikalik mutaxassislar tomonidan olib borilayotgan “Air India” aviakompaniyasiga qarashli “Boeing 787-8 Dreamliner” samolyoti halokatiga oid tergovda uchoqning texnik nosozligi bilan bog‘liq muammo aniqlanmadi. Tekshiruvning dastlabki natijasi uchuvchi xatosiga ishora qilmoqda. Bu haqda “Wall Street Journal” AQSH rasmiylariga tayanib xabar bergan.
Avvalroq “Economic Times” nashri tergovdan xabardor manbalarga tayanib dekodlash va tahlil qilish uchun AQSHga samolyotdan ikki registrator jo‘natilishini haqida yozgandi.
Tergovda Transport xavfsizligi milliy kengashi ham ishtirok etmoqda.
– Tekshiruvning dastlabki natijasi shuni ko‘rsatdiki, samolyotning ikki dvigateliga yonilg‘i yetkazib berilishini boshqaradigan kalitlar o‘chirilgan, – dedi manba. – Natijada havoga ko‘tarilgandan keyin ko‘p o‘tmay, tortishish kuchi yo‘qolishiga olib kelgan. Bu kalitlar uchuvchi tomonidan dvigatelni ishga tushirish va to‘xtatish uchun ishlatiladi.
Ahmadoboddan Londonga yo‘l olgan AI171 reysi 12 iyun kuni Gujarat shtati osmoniga ko‘tarilayotganda shahar aeroporti yaqinida halokatga uchragan edi. Aviakompaniya ma’lumotiga ko‘ra, uchoq sahnida 242 kishi, jumladan ikki uchuvchi va o‘n nafar styuardessa bo‘lgan. Bir yo‘lovchi halokatdan omon qoldi. Samolyot Ahmadobod tibbiyot kolleji yotoqxonasi ustiga qulagan. Bu binodagi odamlar ham halok bo‘lgan. Oxirgi ma’lumotga ko‘ra, qurbonlarning umumiy soni 275 nafar.
S.Rahimov, O‘zA