Hindistonda portlash: sakkiz kishi halok bo‘ldi
Hindistonning Andxra-Pradesh shtatidagi fabrikalardan birida yuz bergan portlash oqibatida kamida sakkiz ishchi hayotdan ko‘z yumdi, yetti nafar inson jarohatlandi. Bu haqda “The Times of India” nashri xabar tarqatgan.
Mahalliy politsiya ma’lum qilishicha, baxtsiz voqea Amaravati shahridan 303 kilometr shimoli-sharqda joylashgan Kaylasapatnam qishlog‘ida kuzatilgan. Jabrlanganlar yaqin atrofdagi shifoxonaga yetkazilgan.

Dastlabki tergov natijasi fojia korxonaning portlovchi moddalar saqlanadigan omborida sodir bo‘lgani, yong‘in tezda butun binoni qamrab olgani haqida xulosa chiqargan.

O‘t o‘chirish xizmati xodimi Niranjan Reddi portlash va yong‘inga ishchilar ehtiyotsizligi sabab bo‘lganini aytdi.