Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hindistonda O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati namoyish etildi
18:12 / 2024-05-22

Global India Business Forum tashkiloti tomonidan tashkil etilgan “Hindiston-Markaziy Osiyo” xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi mamlakatimiz savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi.

Elchi Sardor Rustamboyev O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘zlab berdi, turli mamlakatlar biznes hamjamiyatlari bilan amalga oshirilayotgan loyihalar, yurtimizda investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, mamlakatimizning eksport va import salohiyati, respublikamizda hind kompaniyalarining muvaffaqiyatli faoliyatiga doir ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi. 

Forum ishtirokchilarining asosiy e’tibori iqtisodiyotning turli sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun mavjud imkoniyatlarga qaratildi. 

Global India Business Forum tashkiloti prezidenti O‘zbekiston bilan hamkorlik Hindiston uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib, yangi tashabbuslarni amaliyotga tatbiq etish uchun qulay sharoitlar kengaytirilayotgani qayd etildi. 

Hind kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar davomida o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, O‘zbekistonning turli viloyatlari va tarmoqlariga investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, Hindiston bozorida o‘zbek mahsulotlari eksportini oshirish masalalari muhokama qilindi. 

Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA