Yaqinda Hindistonning Javoharla’l Neru universiteti Til, adabiyot va madaniyat tadqiqotlari markazida o‘zbek tili va adabiyotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Yig‘inda o‘zbek, qozoq va hind olimlari, adabiyotshunoslar, tarixchilar hamda madaniyat sohasi vakillari va talabalar ishtirok etib, o‘zbek tili va adabiyotining boy tarixi, zamonaviy rivojlanish yo‘nalishlari, shuningdek, uning jahon madaniyati bilan bog‘liq jihatlari haqida so‘z yuritishdi.

Tadbir doirasida o‘zbek va hind olimlari o‘rtasida ilmiy hamkorlikni kuchaytirish, ikki xalq madaniy aloqalarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, o‘zbek shoir va yozuvchilarining asarlarini hind tillariga tarjima qilish, hamkorlikda darsliklar va tadqiqot loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Aytish joizki, bunday anjumanlar ta’lim, fan va akademik tadqiqotlar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.

Ikki davlat ilmiy-akademik va madaniy-gumanitar doiralari vakillari so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi jadal rivojlanayotgan hamkorlikni alohida ta’kidlab, Javoharla’l Neru universitetining Markaziy Osiyo xalqlari tillarini o‘rganish va mintaqaga oid tadqiqotlarni rivojlantirishdagi o‘rnini yuqori baholadi.
Shu bilan birga, so‘nggi yillarda hind yoshlari orasida o‘zbek tilini o‘rganishga qiziqish ortib borayotgani alohida qayd etildi. Bu kabi tadbirlar yosh tadqiqotchilar va talabalar uchun o‘z bilimini chuqurlashtirish, til egalari bilan muloqot qilish va samarali ilmiy ishlar uchun noyob imkoniyat yaratishi urg‘ulandi.

– Bugun bizning oldimizda jahon globallashuvi sharoitida milliy til va adabiyotni asrab-avaylash, uning ilmiy va pedagogik nufuzini yanada oshirish vazifasi turibdi, -dedi filologiya fanlari doktori, professor Hulkar Hamroyeva o‘z nutqida. – Shu ma’noda, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi bunday ilmiy hamkorlik loyihalari ikki xalqni yanada jipslashtiradi. Ushbu anjuman doirasida ilgari surilayotgan tashabbuslar – ya’ni, o‘zbek adabiyoti durdona asarlarini hind tiliga tarjima qilish, qo‘shma darsliklar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish takliflari kelgusidagi hamkorligimizning yangi bosqichi bo‘ladi, deb ishonaman.

Simpozium dasturi doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi, Samarqand davlat universiteti, Urganch innovatsion universiteti, Qo‘qon davlat pedagogika universiteti va mamlakatimizning boshqa o‘quv yurtlari vakillarining taqdimotlari va badiiy chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Samimiy muloqot ruhida kechgan davra suhbati yakunida o‘zbek ijodkorlarining ingliz tiliga tarjima qilingan va Hindistonda nashr etilgan asarlari taqdimoti ham o‘tkazildi.
Iroda Ahmadova,
O‘zDXA “San’atshunoslik” yo‘nalishi 1-bosqich talabasi.
O‘zA