French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hindistonda o‘zbek milliy hunarmandchilik mahsulotlari namoyish etilmoqda
10:05 / 2022-03-24

Hindistonning Xaryana shtati Faridabad shahrida an’anaviy «Surajkund International Crafts Mela – 2022» xalqaro hunarmandchilik festivali bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, «Hunarmand» uyushmasi va mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasi  hamkorligida mazkur festivalda O‘zbekiston hamkor davlat sifatida ishtirok etmoqda. 

Qariyb 35 yildan buyon har yili o‘tkazib kelinayotgan festival an’analariga ko‘ra, ko‘rgazma maydonining markaziy qismi «hamkor davlat» – O‘zbekiston paviloni uchun ajratildi. Mazkur pavilon milliy madaniy qadriyatlarimiz ruhida bezatilib, O‘zbekiston milliy hunarmandchiligining turli yo‘nalishdagi mahsulotlari joylashtirildi. Shuningdek, pavilon hududida O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan «Tourism & Travel Information» burchagi tashkil etildi, mamlakatimiz turizm salohiyati va hunarmandchilik an’analarini aks ettiruvchi bannerlar joylashtirildi. 

Ochilish marosimida Hindiston rasmiylari O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi yaqin hamkorlik aloqalariga yuqori baho berib, festivaldagi faol ishtiroki uchun minnatdorchilik bildirildi. 

Mamlakatimizning Hindistondagi elchisi Dilshod Axatov o‘z nutqida tadbirda «hamkor mamlakat» maqomida ishtirok etish uchun berilgan taklif uchun Hindiston va Xaryana shtati xukumatiga minnatdorchilik bildirdi. Mazkur festivalning O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganligining 30 yilligi, bahor bayrami Navro‘z hamda Hindiston xalqining milliy bayrami Xoli festivali nishonlanishi doirasida tashkil etilayotganligi o‘ziga xos ramziy ma’noga ega ekanligi ta’kidlandi. 

Farg‘ona viloyati va Xaryana shtati o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va rivojlantirishda mazkur festival muhim ahamiyatga ega ekanligi e’tirof etildi. Shuningdek, tadbir qatnashchilariga joriy yilning may oyida Buxoroda o‘tkaziladigan birinchi Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali haqida ma’lumot berildi. 

Farg‘ona viloyati hunarmandlari ham mazkur festivalda ishtirok etib, milliy hunarmandchilik mahsulotlarini namoyish etmoqda. Farg‘ona tumanilik milliy qo‘g‘irchoqlar ustasi Sadoqat Mirzayeva shulardan biridir. 

– Bu festival Hindiston xalqini O‘zbekiston madaniyati hunarmandchiligi bilan yaqindan tanishtirish uchun juda yaxshi imkoniyat, –deydi u. – Rishton kulolchiligi, milliy matolarimiz, kashtachilik, miniatyura yog‘och o‘ymakorligi, milliy qo‘g‘irchoqlar juda ko‘plab boshqa turdagi mahsulotlarimiz katta qiziqish uyg‘otyapti. Hunarmandchilikning 10 dan ortiq yo‘nalishi bo‘yicha respublikamizning turli viloyatlaridan hunarmandlar o‘zbek hunarmandchiligini keng targ‘ib qilmoqda. 

«Surajkund International Crafts Mela –2022» festivali 19 martdan 4 aprelga qadar davom etadi va unda ikki hafta davomida 1 milliondan ortiq mehmonlar tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu yilgi festivalda 30 dan ortiq xorijiy mamlakatlar va Hindistonning deyarli barcha shtatlari vakillari o‘z hunarmandchilik mahsulotlari bilan ishtirok etadi. 



M. Sulaymonov, 
O‘zA