Hindistonda mamlakatimizdagi islohotlar taqdimoti
Hindiston milliy mudofaa kollejida tahsil olayotgan O‘zbekiston mudofaa vazirligining harbiy xizmatchilari tomonidan respublikamizda turli sohalarda olib borilayotgan islohotlar va erishilgan yutuqlarga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.
Onlayn shaklda tashkil etilgan anjumanda Milliy mudofaa kollejida tahsil olayotgan Hindiston va 20 dan ortiq xorijiy davlatning 100 dan ziyod vakili qatnashdi, deyiladi “Dunyo” axborot agentligining xabarida.
Tadbirda mamlakatimizda siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, turizm va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek, milliy qadriyatlarimiz, an’ana va urf-odatlarimiz haqida batafsil ma’lumot berildi. O‘zbekistonning moddiy madaniy meros ob’ektlari, mashhur turistik yo‘nalishlar va erkin sanoat zonalari haqidagi videofilm yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
O‘zA