Hindiston shimolida misli ko‘rilmagan jazirama tufayli elektr ta’minotida keskin uzilish yuz bermoqda. Muhandislar vaziyat yanada og‘irlashishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Xorijiy OAV xabar berishicha, davom etayotgan jazirama tufayli elektr energiyasiga talab keskin oshdi. Varrakli va boshqa turdagi sovutish moslamalari to‘liq quvvat bilan ishlamoqda. Dehlida, shimoliy hududlarda elektr tarmog‘iga o‘ta kuchli yuklama tushmoqda. Sovutish uskunalari ishlab chiqaruvchilarda o‘tgan yozga nisbatan savdo 40-50 foiz oshgan.
Shimoliy Panjob shtatida joriy oy elektr energiyasi iste’moli o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 43 foiz ko‘paygan. Elektr energiyasi federatsiyasi shtat hukumatiga xat yozib, vaziyat “kun sayin jiddiylashayotgani” va Panjob tarmog‘idagi nosozlik butun mamlakat bo‘ylab zanjirli reaksiyaga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Iyun oyida elektr energiyasiga talab ortishi butun mintaqa bo‘ylab ta’minot uzilishiga olib keldi. Masalan, Indira Gandi aeroportida bir soatlik uzilish tufayli yo‘lovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish va samolyotga chiqarish to‘xtab qoldi. Haddan ziyod qizib ketgan qurilmalarda tez-tez qisqa tutashuv sodir bo‘lyapti, do‘konlar, uylarda yong‘in kelib chiqyapti.
Eslatib o‘tamiz, may oyining o‘rtalaridan boshlab Hindistonning aksariyat qismini haddan tashqari issiq ob-havo qamrab olgan. Tungi 33°C atrofidagi harorat dam olish uchun imkon bermayapti.
O‘n yillik ilmiy tadqiqot shuni ko‘rsatmoqdaki, iqlim inqirozi kuchli issiqlik to‘lqini tez-tez namoyon bo‘lib, uzoq davom etishiga olib keladi.
Ayniqsa, ko‘chada ishlaydigan odamlarga qiyin: sotuvchilar, militsiya xodimlari, qo‘riqchilar, kurerlar, avtoriksha haydovchilari va qurilish ishchilari. Kambag‘al hududlar esa suv tanqisligidan aziyat chekmoqda. Natijada og‘ir sharoit yanada keskinlashmoqda.
Imkoni bor aholi Dehli va tekisliklarni tark etib, salqin, tog‘li hududlarga ketmoqda. Ko‘p joylarda g‘ayritabiiy yuqori harorat o‘rmon yong‘ini va suv tanqisligini keltirib chiqarmoqda. Tog‘li shaharlardagi mehmonxona egalari quduqlar qurib qolgani sababli, suv tashuvchilarga buyurtma bermoqda.
G.Sattorova, O‘zA