Hindistonda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash bo‘yicha bahslar kuchaymoqda. Ta’kidlanishicha, o‘lkadagi ayrim shtatlar Avstraliyada shunga o‘xshash yangi qabul qilingan qonunni o‘rganayotganini ma’lum qilgan.
Ma’lumki, Avstraliya hukumati dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlagan holda platformalarga foydalanuvchilarning yoshini tekshirish majburiyatini yukladi. Oradan ko‘p o‘tmay, Fransiya ham mamlakatdagi 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun xuddi shunday qonun loyihasi ma’qullanganligini e’lon qildi. Buyuk Britaniyada esa bu masala hamon muhokamada.
Hindistondagi Andhra-Pradesh shtatining axborot texnologiyalari, elektronika va kommunikatsiyalar vaziri Nara Lokeshning aytishicha, bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan haddan tashqari foydalanishi ularning diqqat-e’tibori va o‘qishiga salbiy ta’sir qiladi.
Ekspertlar fikricha, bunday cheklovni amalga oshirish biroz qiyin bo‘lishi mumkin, chunki, IP manzillar orqali joylashuvni aniqlash har doim ham aniq emas, yoshni tekshirish esa jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda. Xabarlarga ko‘ra, Avstraliyada ayrim bolalar yangi ochilgan akkauntga soxta sanalar kiritish orqali taqiqni chetlab o‘tayotgani aniqlangan.
Shuningdek, tahlilchilar internetni cheklash muammoni to‘liq hal qilmasligini, ota-onalarning o‘zlari farzandlari bilan faol shug‘ullanishi kerakligini ta’kidlamoqda.
Saida Abdulazizova, O‘zA