Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hindistonda farmatsevtika kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazilmoqda
12:58 / 2024-06-26

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Hindistonda bo‘lib turibdi. Delegatsiya tarkibidan Buxoro viloyati hokimligi hamda farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qator kompaniyalar vakillari o‘rin olgan.

Tashrif dasturiga ko‘ra, delegatsiya a’zolari Hindiston Kimyo sanoati va o‘g‘itlar vaziri o‘rinbosari – Farmatsevtika agentligi direktori bilan muzokaralar o‘tkazib, o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi. Agentlik direktori uchrashuv davomida «Tashkent Pharma Park» innovatsion ilmiy ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri haqida batafsil ma’lumot berdi.

Shuningdek, mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasida "Global India Business Forum" jamg‘armasi bilan hamkorlikda uyushtirilgan davra suhbatida ikki mamlakat farmatsevtika mutaxassislari yangi hamkorlik loyihalarini muhokama qildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari tashrif doirasida Telangana va Gujarat shtatlarida ham bo‘ladi. Unda mamlakatimizning ushbu yo‘nalishdagi boy salohiyatini taqdim qilish hamda yetakchi ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishish rejalashtirilgan.  

***

Shuningdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida Livanning "Arwan Pharmaceuticals Industries Lebanon s.a.l." kompaniyasi prezidenti bilan uchrashuv tashkil etildi.

Muzokaralarda kompaniya direktori O‘zbekistonda yaratilgan imkoniyatlarni yuqori baholab, istiqbolli investitsiya loyihalarini, jumladan, biotexnologiya yo‘nalishida amalga oshirish bo‘yicha o‘z fikr va rejalarini taqdim etdi. Bu jarayonda ular mamlakatimizda zarur infrastruktura va ishlab chiqarish bazasini yaratish uchun mutaxassislarni jalb qilishga alohida e’tibor berishini ta’kidladi.

Tadbir so‘ngida, "Arwan Pharmaceuticals Industries Lebanon s.a.l.” kompaniyasi O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi.

Mohigul Qosimova, O‘zA