Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hindistonda diniy yig‘inda 121 kishi halok bo‘ldi
14:09 / 2024-07-03

Hindistonning Uttar-Pradesh shtatida diniy yig‘ilish payti yuz bergan tiqilinch tufayli 121 kishi halok bo‘ldi, 28 kishi jarohatlandi. Bu haqda mahalliy politsiyaga tayanib, “Hindiston bugun”, “Hindiston vaqti”, “Reuters” va boshqa nashrlar ma’lum qilgan.

Kecha 50 ming kishi diniy voiz Bhole Baba bilan uchrashish uchun kelgan fojia joyida kriminologlar, sud-tibbiyot ekspertlari ishlamoqda. Tadbir tashkilotchilariga nisbatan jinoiy ish ochilgan. Politsiya favqulodda g‘oyib bo‘lgan voizning o‘zini qidirmoqda. Uning Ram Kutir xayriya jamg‘armasi va uyi tintuv qilindi.

Baba izdoshlari huzuridan chiqib ketayotganda tiqilinch boshlangan. Odamlar ehtirom belgisi sifatida oyoqlariga teginish uchun uning orqasidan yugurgan. Ko‘pchilik yiqilgan. Voizning qo‘riqchilari uning mashinasi yurib ketguncha voqea joyidan chiqish yo‘lini to‘sib qo‘yishgan. Ayna shu chog‘ ta’zim qilish maqsadida egilgan odamlarni olomon ezib yuborgan.

Uttar-Pradesh vaziri Yogi Adityanath voqea “baxtsiz hodisa yoki fitna” ekanini aniqlash uchun har tomonlama tergov olib borish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi qurbonlar va jarohatlanganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirib, ularga tovon puli to‘lanishini ma’lum qildi.