Hindiston gazetalari har tong yo‘l-transport hodisasi haqidagi yoqimsiz yangiliklar bilan to‘lib-toshadi. Yo‘lovchi avtobusi tog‘ darasiga qulagani, mast haydovchi piyodani urib ketgani, yuk mashinasi yengil avtomobil bilan to‘qnashgani kabi xabarlar sanoqsiz.
BBS 2023 yil hind yo‘lларида 172 000 dan ko‘p odam halok bo‘lgani, bu kuniga o‘rtacha 474 kishi yoki har uch daqiqada bir inson umri bevaqt tugagani dalolati ekaniga e’tibor qaratgan. Eng achinarlisi, marhumlarning 10 000 nafardan ziyodi norasida bolalar.
Aksar holatda asosiy qoidalarga amal qilmaslik ortidan, masalan 54 000 odam dubulg‘a kiymagani, 16 000 yo‘lovchi xavfsizlik kamarini taqmagani, 12 000 kishi ortiqcha yuk ortilishi tufayli hayotdan ko‘z yumgan. 34 000 avtohalokatga esa mashinani litsenziyasiz haydash sabab bo‘lgan.
Hindistonning 6,6 million kilometrlik yo‘l tarmog‘i uzunligi bo‘yicha dunyoda AQSHdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Milliy va davlat magistrallari umumiy tarmoqning qariyb 5 foizini tashkil qiladi. Transport vositalarining xilma-xilligi, jumladan avtomobil, avtobus, mototsikl, velosiped, oddiy yoki hayvonlarga bog‘langan aravalar vaziyatni murakkablashtiradi. Qolaversa, piyodalar va qarovsiz hayvonlar ham harakatga jiddiy xalaqit beradi.
Musulmon Ziyo, O‘zA