Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hindiston Yaponiyaga nodir yer elementlari eksportini to‘xtatmoqda
18:53 / 2025-06-16

Hindiston hukumati “India Rare EarthsLimited” (IREL) davlat korxonasiga Yaponiyaga nodir yer elementlarini eksport qilish bo‘yicha 13 yillik shartnomani to‘xtatishni topshirdi. Bu qaror ichki bozor uchun strategik resurslarni saqlab qolish maqsadida qabul qilingan.

Qaror sabablari

Xitoy bosimining o‘sishi: 4 apreldan Pekin yetti turdagi nodir yer metallari - samariy, gadoliniy, terbiy, disproziy, lyutetsiy, skandiy va ittriy eksporti ustidan qat’iy nazorat o‘rnatdi. Bu jahon bozoridagi muvozanatni yanada chigallashtirdi.

Hindiston savdo vaziri Piyush Goyyal IRELga elektromobillar magnitlari uchun eng muhim mineral bo‘lgan neodimni birinchi navbatda to‘xtatishni topshirdi.

2024 yilda “Toyotsu Rare Earths India” korxonasi Yaponiyaga 1000 tonnadan ortiq metall jo‘natdi. Bu IREL qazib olgan 2900 tonna hajmning uchdan bir qismini tashkil etadi. 

Global ta’minot zanjirlariga ta’sir

Hindiston 6,9 million tonna zaxiraga ega bo‘lib, noyob yer elementlarining to‘rtinchi yirik saqlovchisi hisoblanadi, biroq ularni qayta ishlash bo‘yicha yetarli rivojlanmagan davlat. Eksportning to‘xtatilishi elektronika, avtomobilsozlik va mudofaa sanoati uchun zarur bo‘lgan noyob yer elementlari taqchilligini kuchaytirishi mumkin.

Nyu-Dehli cheklovlarni yumshatish va ta’minot zanjirlarining barqarorligini ta’minlash uchun hozirda Pekin bilan muzokaralar olib bormoqda.

Ekspertlar fikricha, Hindistonda qayta ishlash korxonalarini tashkil etish va magnit ishlab chiqarish uchun rag‘batlantiruvchi choralar mavjud. Mamlakatda 2026 yilda 450 tonna neodim ishlab chiqarish rejalashtirilgan bo‘lib, 2030 yilga kelib bu ko‘rsatkich ikki barobarga oshirilishi kutilmoqda.

Hindiston uchun ichki oqibatlar

Yangi rejalar nafaqat eksportga yo‘naltirilgan, balki sanoat salohiyatini rivojlantirishga ham qaratilgan. Biroq o‘lkada “Maruti Suzuki” kabi avtomobil ishlab chiqaruvchilar allaqachon qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Xitoyning eksport cheklovlari tufayli yuzaga kelgan magnit taqchilligi sababli ehtiyot qismlar zaxirasi kamayib bormoqda.

Manufacturing plant of Maruti Suzuki in Manesar

Hindiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Randhir Jaisval mamlakatning Xitoy bilan “ta’minot zanjirlarining barqarorligi va xalqaro savdo me’yorlari” yo‘lida muloqot olib borayotganini ta’kidladi.

Yaponiyaga nodir yer elementlari eksportining to‘xtatilishi Hindistonning Xitoydan iqtisodiy mustaqillikka erishish yo‘lidagi strategik muhim qadam, deb baholanmoqda. Bu qaror asosiy tarmoqlarda do‘stona hamkorlarni qo‘llab-quvvatlash va milliy manfaatlar o‘rtasidagi muvozanatni aks ettiradi.

O‘zA muxbiri Abduaziz Xidirov tayyorladi.