AQSH Prezidenti Donald Tramp aytishicha, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi unga Rossiyadan neft sotib olishni to‘xtatishga va’da bergan. Amerika yetakchisi bu kelishuv juda tez orada amalga oshishini ham qo‘shimcha qilgan.
– Men Hindiston rus neftini xarid qilayotganidan norozi edim, bugun Modi janoblari menga Rossiyadan neft sotib olmasligini kafolatladi, – dedi u Oq uyda jurnalistlarga.
Tramp bu va’dani “katta qadam” deb atab, endi shunga o‘xshash qarorni Xitoydan ham kutayotganini bildirgan.
“Reuters” ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya ketma-ket uch yil Hindistonning eng yirik neft ta’minotchisi mavqeini hech bir davlatga bermadi. Ukraina bilan urush boshlanib, RF nefti arzonlashgach, hind neftni qayta ishlash zavodlari uchun bu yo‘l yanada jozibador ko‘rindi.
Tramp esa Rossiyaning savdo hamkorlariga nisbatan 100 foizlik ikkilamchi boj joriy qilish bilan tahdid qildi. Shundan keyin Hindistondagi to‘rtta davlat neftni qayta ishlash zavodi Rossiyadan xom ashyo olishni to‘xtatdi.
Ayni payt qariyb bir hafta davomida Hindistondagi kompaniyalar rus neftiga qiziqish bildirmagani haqida xabarlar bor.
Keyinroq hind ommaviy axborot vositalari hukumatdagi manbalariga tayanib, bir necha davlat korxonasi RF neftini sotib olayotgani xususida yozdi. Shundan keyin Tramp rus nefti xaridini qisqartirishga rozi bo‘lmaguncha, Hindiston bilan savdo kelishuvini ma’qullashdan bosh tortganini aytdi.
Hindiston shu voqealardan xulosa chiqargan shekilli, bugun Tramp “qora oltin” bilan bog‘liq yuqoridagi yangilikni ulashdi. Hali Rossiya tomoni mavzuga munosabat bildirgani yo‘q.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/_eGWO2CytNA" title="Hindiston Rossiyadan neft xarid qilmaydigan bo‘ldi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA