Hindistonda yillik byudjetdagi sog‘liqni saqlash tizimi uchun yo‘naltiriladigan sarf-xarajat ikki hissa oshirish, shuningdek mamlakatning keng ko‘lamli sug‘urta bozoriga sarmoya kiritish istagida bo‘lgan xorijiy investorlarga nisbatan qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash taklif etilyapti. Ushbu chora koronavirus pandemiyasi oqibatida o‘z tarixidagi eng chuqur inqirozni boshidan kechirgan davlat iqtisodiyotini ko‘tarish maqsadini ko‘zlaydi.
Byudjet to‘g‘risidagi bayonotni parlamentga taqdim etarkan, moliya vaziri Nirmala Sitxaraman byudjetdagi kamomad bo‘yicha prognoz respublika 2021/2022 yillardagi Yalpi ichki mahsulotining 6,8 foiziga teng bo‘lishini bildirdi. Bu ko‘rsatkich yaqinda “Reuters” agentligi tomonidan iqtisodchilar orasida o‘tkazilgan so‘rov natijasida e’lon qilingan 5,5 foizlik prognozdan sezilarli darajada yuqori. 31 martda nihoyasiga yetadigan joriy moliyaviy yilda 9,5 foizlik kamomad qayd etilishi kutilmoqda. Bu raqam ham hukumat tomonidan avval taxmin qilingan 7 foizlik me’yordan anchagina baland.
Ma’lumki, Hindiston dunyo bo‘yicha koronavirusga uchragan fuqarolar soniga ko‘ra AQSHdan keyin ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Hozirgi payt mamlakat YAIMning 1 foizi sog‘liqni saqlashga sarflanmoqda. Bu ulkan iqtisodiyotga ega har qanday davlat uchun o‘ta past ko‘rsatkich hisoblanadi.
Sitxaraman xonim jamoat sog‘ligini saqlash tizimini yaxshilash maqsadida soha uchun ajratiladigan mablag‘ miqdorini 2,2 trillion rupiy (taxminan 30,20 milliard dollar)ga yetkazish, qolaversa, 1,3 milliard kishini immunizatsiya qilish uchun mislsiz vaksinatsiya kampaniyasini yo‘lga qo‘yish taklifini kiritdi.
Moliya vaziri bayonotiga qaraganda, sug‘urta yo‘nalishidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar uchun joriy qilingan cheklovlarni bekor qilish nisbati hozirgi 49 foizdan 74 foizga chiqariladi.
Shuningdek, to‘lov umididan mahrum xususiyatga ega kreditlarga o‘ralashib qolgan va iqtisodiyotning o‘sishiga to‘g‘anoq bo‘lib turgan davlat banklarini rekapitalizatsiya qilish uchun 200 milliard rupiy (2,74 milliard dollar) yo‘naltiriladi.
Kamomadning bir qismini yopish maqsadida hukumat davlat kompaniyalari va banklari, jumladan, IDBI, shuningdek sug‘urta va neft kompaniyalaridagi ulushini sotish orqali 1,75 trillion rupiy (23,9 milliard dollar) jalb etishni rejalashtirgan.
Gulruh ABDULLAEVA, O‘zA