Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hindiston poytaxtini xavfli darajadagi havo bo‘g‘moqda
19:01 / 2021-11-27

Boshpanasiz Gulprit Singx Dehli metrosi bekati tashqarisidagi piyodalar yo‘lakchasi chetida o‘tgan-ketgandan ovqat so‘raydi. 84 yoshli qariya esa Hindiston poytaxtida quyuq tumanli havodan nafas olib tashqarida yashashdan boshqa chorasi yo‘qligini aytadi.

- Har kuni shu yerga kelaman. Ba’zilar menga ovqat beradi, - deydi ovozi riksha va avtomobillar shovqinida zo‘rg‘a eshitiladigan Singx.

Hindistonning havodagi zararli zarralar miqdorini ko‘rsatuvchi Milliy havo sifati indeksiga ko‘ra, Dehli dunyodagi havosi eng iflos shaharlar qatoriga kiradi. Bu megapolisda ayni ko‘rsatkich noyabr oyi boshida "xavfli daraja"ga chiqdi.

Dehli aholisi kir havoga shunchalik o‘rganib qolganki, ko‘pchilik bunga, deyarli, tabiiy hol sifatida qaraydi.

Gavjum chorrahada harakatni muvofiqlashtirayotgan politsiya zobitining aytishicha, bu mavsum havo ifloslanishi oqibatida "chidab bo‘lmas" holat yuzaga keldi.

- Niqobni yechishga majburman, chunki tirbandlikning oldini olish uchun hushtak chalishim kerak, bu - dahshatli, - deydi 48 yoshli ofitser. - Atrofdagi turna qator mashinalardan chiqindi gaz sizib chiqadi, nafasni rostlash qiyin. Hatto, ko‘zim ham og‘riyapti.

39 yoshli mahalliy ishchi Nilam Joshi har gal poyezdda ishga jo‘nash uchun uyidan chiqqanida nafasi bo‘g‘ziga tiqilishidan zorlanadi.

- Ertalab ko‘chada sizni birinchi bo‘lib iflos havo kutib oladi, - deydi Joshi. - Kun oxiriga kelib, tana, nafas olish tizimi iqlimga moslashgandek bo‘ladi, ammo ertasi kuni hammasi yana qaytarilaveradi. Olti yildan buyon Dehlida yashayman, holat hecham yaxshilanayotgani yo‘q. Aksincha, yil sayin yomonlashyapti. Ayniqsa, ommaviy tadbirlar, festivallar chog‘i juda seziladi.

Dehlining Rohini hududida istiqomat qiladigan styuardessa, 28 yoshli Amanprit Kaur tez-tez AQSHga parvoz qiladi. U ikki davlat havosini solishtirib, oradagi farqdan hayratga tushadi.

- AQSHdan Hindistonga qaytib kelsam, doimo yo‘talaman, - deydi Kaur. -Tutun shunchalik quyuqki, kechasi ko‘cha chirog‘i yoki avtomobil farasi atrofini butunlay qoplab oladi. Quyosh botgach, ko‘zga faqat chang aralash g‘ubor tashlanadi. Dehlida yashash juda xavfli.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, havo ifloslanishi, asosan, yurak-qon tomir kasalliklari, saraton va nafas olish yo‘liga infeksiya tushishi natijasida dunyo bo‘ylab har yili, taxminan, 7 million kishi bevaqt vafot etadi.

Chikago universiteti qoshidagi Energetika siyosati instituti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot yomon havo yuz millionlab hindlarning umrini sezilarli qisqartirishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Tadqiqot, shuningdek, Hindiston aholisi JSST tomonidan belgilangan ko‘rsatmadan oshib ketadigan yillik o‘rtacha ifloslanish darajasiga chidashini ham aniqladi.

So‘nggi yillarda Hindistonda havo ifloslanishi darajasi mamlakatning qazib olinadigan yoqilg‘iga, xususan, ko‘mirga qaramligi tufayli yanada yomonlashdi. Shu bois 2019 yil markaziy hukumat 2024 yilgacha zarrachalar ifloslanishini 30 foizgacha kamaytirish maqsadida toza havo milliy kampaniyasini e’lon qildi. Har bir shahar uchun maxsus reja ishlab chiqildi.

Yaqinda Glazgoda bo‘lib o‘tgan SOP26 iqlim sammitida Hindiston bir necha davlat qatorida ko‘mir qazib chiqarishni "to‘xtatish" emas, balki bosqichma-bosqich "kamaytirish" to‘g‘risidagi kelishuvga tuzatish kiritishni talab qildi.

Grinpic IQA tahliliga ko‘ra, Dehlida zararli havo har yili o‘n minglab odamlar hayotiga zomin bo‘lmoqda.

Ko‘pchilik ko‘chada niqobsiz yuradi, ifloslanish darajasiga nisbatan xotirjam.

Masalan, 50 yoshli bog‘bon Prakash Mali bo‘g‘iq havo unga umuman ta’sir qilmasligini ta’kidlaydi.

- Men bog‘bonman, doim loy va changda ishlayman, kir havo ta’sirini sezmayman, - deydi Mali bamaylixotir. - Hukumat uchun ustuvor vazifa haliyam Covid-19 bo‘lib qolishi kerak. Ifloslanish esa har yilgi, odatiy holat.

Internet materiallari asosida

O‘tkir Alimov tayyorladi