Hindistonga islom targ‘ibotchilari IX–X asrdayoq kelganlar. Lekin dastlabki ibodat uyi – masjid masalan, Dehlida XII asrda bunyod etilgan. Keyinchalik Amir Temur Hindistonni egallagach islom dinini qabul qilganlar keskin ko‘paygan.
Bugungacha Hindistonning bosh masjidi bo‘lib kelayotgan Dehlidagi jome masjidi 1656 yilda Shohjahon tomonidan qurilgan. Tarixchilarning yozishicha, besh ming hind, arab, turk, forsiy, hatto yevropalik quruvchi va mutaxassislar olti yil davomida qurganlar. U eski Dehlining markazida bo‘lib, musulmonlar tor va tiqilinch qo‘chalardan zahmat kechib boradilar.
Dehli Jome masjidida bira to‘la 26 ming namozxon ibodat qila oladi. Uning ikki minorasi, uchta gumbazi bor. Jome masjidning ochilish marosimiga Shohjahon Buxoroi sharifdan Sayid Abdulg‘ofur Buxoriy hazratlarini taklif etgan. Keyinchalik shayx hazratlari Shohjahon saltanati bosh imom-xatibi etib tayinlangan.
Jome markazida favvora bo‘lib unga 40 metr pastlikdan toshdan yasalgan uskunalar bosimi ostida suv chiqarilgan.
Jome 1856 yilga qadar imperiya diniy boshqaruvi uchun ham makon bo‘lgan. Ingliz istilochilari Hindistonni egallagach masjidni buzib tashlamoqchi bo‘ldilar. Lekin xalq oyoqqa turib himoyaga chiqdi.
Dehlidagi Jome nafaqat nodir me’moriy inshoat, balki Hindistonda islom targ‘ibot markazlaridan biri sifatida ham faoliyat ko‘rsatmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/2EhdIWXTl58" title="Hindiston manzaralari. Dehli Jome masjidi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov(video),O‘zA