Mazkur mablag‘lar O‘zbekistonda infratuzilmaviy rivojlanish va ta’lim sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.
Bu haqida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda qayd etilishicha, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqov Hindistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabhat bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ikki mamlakatning iqtisodiy aloqalarida ishga solinmagan salmoqli salohiyat va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirishning samarasi yuqori bo‘lgan qator ustuvor yo‘nalishlar borligi qayd etildi.
Tomonlar yangi istiqbolli investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqish va ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida savdo aloqalarini o‘rnatish, O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikning keng qamrovli dasturini ishlab chiqish bo‘yicha qo‘shma ishlarni faollashtirishga kelishdi.
Alohida tartibda hududlararo hamkorlikni, xususan, O‘zbekistonning Andijon viloyati va Hindistonning Gujarot shtati o‘rtasidagi munosabatlarni faollashtirish chora-tadbirlari o‘rganildi. Bundan tashqari, investitsiyaviy, savdo va madaniy-gumanitar sohalarda qo‘shma loyihalar va dasturlarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda, Farg‘ona viloyati va Xaryana, Buxoro va Haydarobod, Toshkent va Nyu-Dehli shaharlari o‘rtasida bevosita hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Muloqotda moliyaviy-texnik hamkorlik sohasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, tomonlar Hindiston Eksimbanki tomonidan O‘zbekistonda infratuzilmaviy rivojlanish va ta’lim sohalarida ustuvor loyihalarni amalga oshirishni moliyalashtirish uchun 448 million dollar miqdorida mablag‘ ajratilishini olqishlab, ushbu loyihalarni amalga joriy etish borasida birgalikda ishlashga kelishib oldi.
Shuningdek, Hindistonning grant mablag‘larini jalb qilish hisobiga amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan IT, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida ijtimoiy yo‘naltirilgan yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni jadallashtirishga kelishildi.
Transport infratuzilmasi sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutib, transport va logistika sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha ishlarni faol davom ettirish zarurligi to‘g‘risida yakdil fikrlar bildirildi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikning ko‘rib chiqilgan barcha yo‘nalishlarini yanada kengaytirishga qaratilgan aniq vazifalar belgilandi.
Shuningdek, Hindiston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi o‘rtasida «Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazida yangi metrologik laboratoriyani tashkil qilish va jihozlash» hamda «O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatidagi umumta’lim maktablarini kompyuter texnikasi bilan jihozlash» loyihalarini amalga oshirish uchun grant mablag‘larini ajratish bo‘yicha O‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA