Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hindiston ajoyibotlari: buyuk muhabbat ramzi va dunyoni hayratga solib turgan xalq udumlari...
10:57 / 2022-08-14

Bir kunda dunyoning barcha qit’asidan o‘n besh mingga yaqin ziyoratchi keladigan Tojmahal necha zamonlarki, Hindistonning gavhari bo‘lib kelmoqda Uni Boburiylar sulolasining vakili Shoh Jahon bunyod etdi.

BUYUK SEVGI QISSASI

1612 yil Boburiylar saltanatining shahzodasi Shohjahon 19 yoshli kambag‘al qiz Mumtozmahalga uylandi. Ular o‘n yetti yillik saodatli turmushlari mobaynida 13 ta farzand ko‘rishdi. Biroq 14-farzandi dunyoga kelishi arafasida Mumtozmahalbegim yorug‘ olamdan ko‘z yumdi. Bu ayriliq hukmdorni tamomila tang ahvolga soldi.

Oradan bir yil o‘tgach, u o‘z mahbubasiga atab, dunyoda tengsiz obida bunyod etishga qaror qildi. Sharq tarixidagi eng vafodor va sadoqatli toj sohiblaridan biri Shohjahon Mumtozmahalbegim vafotidan so‘ng 31 yil umr ko‘rdi. Bu umrni u yolg‘izlik, ayriliq azobi, sadoqat va vafo alangasida o‘tkazdi.

Muhabbat ramzi sifatida Mumtozmahalga atab 631 yili boshlangan qurilish ishlari naq yigirma yil davom etdi. Agrada, Jamna daryosi sohilida bunyod etilgan betakror obida Sharqu G‘arb me’morchiligining eng nafis jihatlarini o‘zida aks ettirgan. Undagi oppoq marmarlar 300 chaqirim naridan tashib keltirilgan. Qurilishda turli mamlakatlardan kelgan usta va hunarmandlardan iborat 20 ming odam mehnat qilgan. Ayrim manbalarning guvohlik berishicha, bu yerda Samarqand va Buxorodan ham qo‘li gul ustalar ishtirok etgan.

Qizig‘i, Toj Mahal majmuini tashrif buyuruvchilar oyoq qiyimisiz ziyorat qilishi shart. Samolyotlarga Toj Mahal ustidan uchish taqiqlangan.

Shohjahon bu obidaning qarshisida, Jamnaning narigi qirg‘og‘ida o‘zi uchun ham alohida maqbara bunyod etmoqchi edi. Ushbu maqbara ham aynan Tojmahalning ko‘chirmasi bo‘lib, faqat qora marmardan ishlanishi va maxsus ko‘prik bilan biriktirilishi lozim edi. Biroq, shohning niyati amalga oshmadi. Ko‘p o‘tmay, valiahd shahzoda Avrangzeb otasiga qarshi isyon ko‘tarib, taxtni egallaydi. Otasini esa uy qamog‘iga hukm etdi. U faqatgina o‘zi hibs etilgan hujraning darchasidan Tojmahalni ko‘rib turardi, xolos. Buyuk hukmdor shu yerda bandalikni bajo keltirdi. Vasiyatiga ko‘ra, uni xuddi shu maqbaraga, sevgilisining yoniga dafn etishadi.

Toj Mahal dunyoning yetti mo‘’jizasidan biri sanaladi. 1983 yilda YUNESKOning jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Bu tarixiy obida hamon go‘zalligi va muhtashamligi bilan butun dunyo sayyohlarini o‘ziga jalb etadi. Bu yerga har yili qariyb 5 milliondan ziyod sayyoh keladi. Toj mahal Hindistonning turizm salohiyati, ayniqsa, agraliklar hayotida muhim o‘rin tutadi.

HINDISTONDAGI O‘ZIGA XOSLIKLAR

Hindistonda 20 ta rasmiy til bor, shuningdek, ingliz tili – ish yuritish va rasmiy hujjatlar uchun ishlatiladi. Barcha bilimdon kishilar, turizm sohasiga aloqador kasbdagilar ingliz tilida gapiradi, ba’zan Dehlida rus tilida ham so‘zlashadi.
Hindiston – xaridorlar uchun juda qulay. Bozorlarda savdolashsangiz, molning narxini 2-3 baravar tushirish mumkin. Hindistonda matolar sifatli va qimmat emas.

Hindistonda yo‘l harakati chap tomonda ekanligiga ham e’tibor bering. Chap tomon harakati statistikaga ko‘ra, sayyoramizdagi 71 ta davlatda amal qiladi.

La’l Bahodur Shastri nomidagi hind madaniyat markazi rahbari professor Chander Shekxar taklifi bilan Hindistonga, buyuk boburiylar izidan sayohat tashkil qilindi.

Hindiston tarixiy obidalarga boy bo‘lsada, Agra shahri tartibsiz ko‘rindi. Ko‘chalarda sigirlar, maymunlar, itlar, tilanchilar, taqinchoq sotadiganlar ko‘p. Toj Mahalga olib boradigan tor ko‘chaning trotuari bo‘lmagani ustiga tor ko‘cha motorellor, rikshalarga to‘lib ketgan edi. Odamlar asosan mototsikl, motorellorda yurishar, unga to‘rt-beshtagacha bo‘lib tiqilishib olishardi. Shaharda ikki million kishi yashashini aytishdi.

Mahallalarda minglab odamlar, chodir tagida tug‘ilib, shu yerda umrgurzonlik qilishlariga guvoh bo‘ldik. Aslida, har bir sayyoh Hindistonni o‘zicha kashf etadi. Hindistonni tom ma’noda kashf etgan buyuk inson, Beruniydir. Bu bobaraka bobomiz ming yil ilgari bu yurtning tog‘u toshlari, shahar qishloqlarini yayov kezib, arab tilida «Hindiston» degan kitob yozgan. Bu faqat biz uchun emas, hind yurti, dunyo olimlari uchun ham qimmatbaho ilmiy manbadir.

Hindlarning tabiatga munosabati jumboq. O‘zlari och bo‘lsada, minglab maymunlar, daydi sigirlarni boqishadi, jonivorlarni o‘ldirishni jinoyat deb bilishadi? Bu ularning e’tiqodi. Ehtimol, tabiatni qonunlar bilan muhofaza qilgandan ko‘ra, bu insoniy burchni e’tiqodga aylantirish zarurdir. Hind xalqining milliy kiyimlar, urf-odatlarga bo‘lgan hurmati yuksak, oilaviy bo‘lib ziyorat qilayotgan minglab hind xalqini har bir ziyoratgohda uchratishingiz mumkin. Sayyohlarning kamida to‘qson foizini hind xalqining o‘z ziyoratchilari tashkil etadi.

HINDISTONDA NARX-NAVO

Hindlarning milliy taomlari haqida juda ko‘p maqtovlar eshitamiz. Hindiston bozorlari nihoyatda boy va gavjum. Eng muhimi, ular o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlarni sotish, kiyish va tanovul qilishga intiladi.

Bozorlarida yil bo‘yi meva-chevalar bisyor. Tarvuz, handalak, uzum anor, sitrus mevalar, mango, papaya, kokos, ananas va hokazolarga to‘lgan.

Hindlarning taomni mehr bilan pishirishi, vitaminli ziravorlar, ko‘katlar, mevalardan foydalanishi tahsinga sazovor. Nonlari ham o‘ziga xos, chapati (qotirma) guruch va bug‘doy unidan tayyorlangan. Havosi issiq bo‘lganligi sababli ichimlik ko‘p xarid qilinadi. Ular gazlangan ichimliklarni deyarli iste’mol qilishmas ekan. Bozor rastalari, yo‘l chekkalaridagi do‘konlarda to‘kin-sochin mevalardan istaganingizni sharbat tayyorlagichdan chiqarib, qo‘lingizga tutadilar.

HINDISTON TIBBIYOTI

Dehlida «Pratiksha» nomli yurak va bo‘g‘im kasalliklariga ixtisoslashgan klinika bor. Bu yerda o‘zbekistonliklar ham kelib davolanishadi. Darvoqe, bu klinikaning Samarqandda ham «Zarmed Pratiksha» nomli filiali ochilgan.

Doktor Nishant Bajajning aytishicha, Samarqanddagi ushbu klinika aynan Prezidentimizning tashabbusi ostida ochilgan va bugun sohadagi jarrohlik amaliyotlarini aynan yurtimizda, ortiqcha pul sarflamay o‘tkazish imkonini beradi.

Biz sayyohlar Hindistonda Madaniy aloqalar Kengashi Prezidenti Vinay Saxasrabudda tomonidan qabul qilindik. U O‘zbekistonda bir necha bor bo‘lgani, ko‘rgazmalarda ishtirok etgani va taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Hindiston safari jazirama issiqqa qaramay, maroqli o‘tdi.

Abduvali SOIPNAZAROV

O‘zA