Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hind universiteti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi
09:21 / 2025-04-18

Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti Hindistonning Indira Gandhi Krishi Vishwavidyalaya (Raipur) universiteti bilan o‘zaro hamkorlik memorandumi imzoladi.

Prezidentimizning 2020 yil 17 apreldagi “Surxondaryo viloyatida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini kengaytirish va yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan oliy ta’lim muassasasi o‘tmishdan ilm-fan, madaniyat va ma’rifat rivojlangan janubdagi vohada buyuk ajdodlari an’analarini davom ettirib, xalqaro aloqalarni keng yo‘lga qo‘ymoqda. Jumladan, qisqa davrda dunyoning Qatar, Turkiya, Indoneziya, Malayziya, Janubiy Koreya, Rossiya, Afg‘oniston, Tojikiston, Qozog‘iston kabi ko‘plab davlatlaridagi 80 dan ortiq nufuzli oliy ta’lim muassasasi bilan o‘zaro hamkorlik o‘rnatdi. Endi ular safiga Hindistonning Indira Gandhi Krishi Vishwavidyalaya (Raipur) universiteti ham qo‘shildi. 

Mazkur kelishuv ikki oliy ta’lim dargohlari o‘rtasidagi ta’lim, ilmiy-tadqiqot va madaniy almashinuv sohalarida yaqin hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Ayni paytda institutda 336 nafar professor-o‘qituvchi to‘rtta fakultet va 16 ta kafedrada 24 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 12 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 7 ming 960 dan ortiq talabaga ta’lim bermoqda. So‘nggi uch yilda institutning 125 nafar professor-o‘qituvchisi o‘zaro hamkorlik doirasida xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tajriba almashib, ularning zamonaviy o‘quv jarayonlari va ilmiy-tadqiqot ishlari bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, institutda xorijlik 34 nafar professor-o‘qituvchi bo‘lg‘usi pedagog va tadbirkorlarga ilm-fan sirlarini o‘rgatayotir. Talabalar koreys, rus, hind, tojik, turk o‘quv markazlarida chet tillaridan saboq olmoqda.

O‘zaro hamkorlik memorandumini imzolashga bag‘ishlangan tadbirda Hindistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant xonim ishtirok etdi. 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri