Hind kompaniyalari Andijonning investitsiyaviy salohiyati bilan tanishdi
Hindistonning Gujarat shtati Ahmadobod shahrida “Andijon viloyatidagi Oʻzbekiston – Hindiston erkin farmatsevtika zonasida hind biznesini yuritish uchun yangi imkoniyatlar” mavzuida biznes-forum boʻlib oʻtdi.
Hindistonning Gujarat shtati Ahmadobod shahrida “Andijon viloyatidagi Oʻzbekiston – Hindiston erkin farmatsevtika zonasida hind biznesini yuritish uchun yangi imkoniyatlar” mavzuida biznes-forum boʻlib oʻtdi.Tadbir mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasi, Andijon viloyati hokimligi va Hindiston dori ishlab chiqaruvchilari uyushmasi hamkorligida tashkil etildi. Unda Hindistondagi yetakchi farmatsevtika kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Oʻzbekistonning Hindistondagi Favqulodda va muxtor elchisi F.Arziyev va Andijon viloyati hokimi oʻrinbosari S.Habibullayev mamlakatimizdagi investitsiyaviy imtiyozlar, xususan, farmatsevtika sohasidagi yangi imkoniyatlar haqida soʻzlab berdi. Unda asosiy eʼtibor Andijon viloyatining investitsiyaviy salohiyatiga qaratildi.
Forumda Andijon erkin farmatsevtika zonasida biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sharoitlar toʻgʻrisida taqdimot oʻtkazildi. Tadbir ishtirokchilari Oʻzbekiston – Hindiston erkin farmatsevtika zonasi tashkil etilgani mamlakatlarimiz oʻrtasida investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirishda muhim omil boʻlishini taʼkidladi.
– Biz Oʻzbekistonni yaqin doʻst va ishonchli hamkor deb bilamiz hamda yurtingizda samarali biznes yuritishni maqsad qilganmiz, – dedi Hindiston dori ishlab chiqaruvchilari uyushmasining hududiy ofisi rahbari Viranchi Shox. – Oʻzbekistonda xorijiy sarmoyadorlar uchun imkoniyatlar yaratilayotgani bizni quvontirmoqda.
– Ushbu biznes-forumda koʻp sonli ishtirokchilar qatnashayotgani Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqish kun sayin ortayotganidan dalolatdir, – dedi “Rimtex Industries” xalqaro biznes kompaniyasi boʻlim direktori Gaurav Parmar. – Hindistonning farmatsevtika, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi, togʻ-kon sanoati, neft-gaz tarmogʻidagi koʻpgina kompaniyalar Oʻzbekistonning investitsiyaviy loyihalarida ishtirok etishdan manfaatdor. Kompaniyamiz toʻqimachilik faoliyati bilan shugʻullanadi. Biz oʻzbekistonlik hamkorlar bilan investitsiyaviy loyihani amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishdik. Jumladan, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi bilan yaqin hamkorlik qilamiz. Tez orada kompaniyamizning ekspertlar guruhi loyihaning amaliy jihatlarini muhokama etish uchun yurtingizga boradi.