Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hind jurnalida O‘zbekiston va o‘zbek adabiyoti haqida maqola e’lon qilindi
12:59 / 2022-05-13

Hech birimizga sir emas so‘nggi yillarda o‘zbek adabiyotiga qiziquvchilar soni ortib bormoqda. Bunda, albatta, o‘zbek ijodkorlarining jahon OAV laridagi chiqishlari, rang-barang janrlardagi badiiy asarlarining turli tillarga tarjima qilinib, dunyo yuzini ko‘rayotganini alohida e’tirof etish zarur.

bugungi kunda rus, turk, ingliz, hind, arab, qirg‘iz, qozoq, xitoy, nemis va boshqa tillarda o‘zbek ijodkorlarining asarlari tarjima qilinishi salmog‘i ortgan. Ular orasida taniqli yozuvchi va shoiralar Hosiyat Rustamova, Abduqayum Yo‘ldosh, Zulfiya Qurolboyeva, Isajon Sulton, Qo‘chqor Norqobil kabi ustoz ijodkorlar borligi quvonarli. Yosh ijodkorlar ham o‘z asarlari bilan chet el nashrlarini zabt etishda ancha faol. Bugun Nodirabegim Ibrohimova, Mohira Eshpo‘latova, Sherzod Xalilov, Sherzod Ortiqov, Furqat Alimardon kabi ijodkorlar asarlarini dunyo o‘qimoqda. 



Hindistonning “Litterateur” nomli adabiy jurnalida O‘zbekiston va o‘zbek adabiyoti haqida maqola e’lon qilindi. Maqola muallifi shoir, tarjimon, jurnal bosh muharriri Shajil Anthuri. O‘zbek adabiyotining o‘tmishi va bugungi kuniga bag‘ishlangan ushbu maqolada o‘lkaning ulkan tarixi, san’ati, folklori alohida e’tirof etilgan. Qahramonlik va muhabbat kuylangan “Go‘ro‘gli”, mehr, muhabbat va yuksak insoniy qadriyatlar aks etgan “Alpomish” kabi xalq dostonlari, X asr va undan oldingi asrlar madaniyatidan guvohlik beruvchi “Devoni lug‘otit turk” asari haqida iliq fikrlar bildirilgan. Muallif o‘zbek adabiyotining dunyo tamaddunida o‘zining munosib o‘rni borligini e’tirof etgan.



– Adabiyot yo‘lida benazir xizmat qilayotgan Shajil Anthurining O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi yuqori, – deydi Mohira Eshpo‘latova. – U so‘ngi yillardagi o‘zbek adabiyotini chet tillariga tarjima qilinishida jonbozlik ko‘rsatyapti. Uning o‘zbek adabiyotiga bo‘lgan mehri, qiziqishi o‘zgacha. Quvonarlisi, ingliz tilida chop etilgan maqola bir vaqtning o‘zida malay tiliga o‘girilib, Hindistonning “Keralabhooshanam” jurnalida ham chop etilibdi. Ushbu adabiy tahlildan xursand bo‘ldim. Dunyoning bir burchagida sening asarlaringni o‘quvchilar borligi va uni tahlil qilib, yuqori baholanishi ijodkorga ilhom baxsh etarkan.  



Shajil Anthuri o‘zbek adabiyotini juda qadimiy va boy deya baholaydi. Ana shunday boy xazinadan bahra olgan yoshlar ijodiga to‘xtalar ekan, har bir ijodkor asarini chuqur tahlil qiladi. O‘zi tarjima qilgan va adabiy jurnalda bosilgan Nodirabegim Ibrohimova, Mohira Eshpo‘latova, Sherzod Ortiqovlarning hikoyalarini tahlil qilgan.  

D.Mamatova,  
O‘zA muxbiri