Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va ularning ish bilan bandligini ta’minlashga qaratilgan tashabbuslar yaxshi samara berayapti. Shu jarayondan unumli foydalanib, katta tadbirkorga aylangan Himoyatxon Eraliyeva bunga yaqqol misoldir.
U o‘tgan yili yaqinlari va farzandlari yordamida tumandagi Farg‘ona shaharchasiga kiraverishdagi 15 sotix bo‘sh yerda gulchilikni yo‘lga qo‘ydi. Namangandan olib kelingan 12 ming dona xrizantema (xalq tilida globus guli) yerga qadadi. Qisqa vaqtda gullar go‘zal bo‘lib ochildi, bozorda esa xaridorini topdi. Har bir tup guldan 20–25 ming so‘mdan daromad olgan, oilasi uchun munosib manba topgan Himoyatxon qisqa muddatda tadbirkor sifatida tanildi.

– Kim o‘ylabdi deysiz, gulchilik orqasidan katta tadbirkorga aylanaman deb. Internetdan ma’lumotlar topib, o‘rgandim, yig‘ib qo‘ygan jamg‘armamdan ko‘chatlar sotib oldim. Eng asosiysi, gullar go‘zal bo‘lib ochildi, odamlarning ko‘ngli to‘ldi, o‘zim ham daromad ko‘rdim. Shu-shu bo‘ldi-yu gullarga mehrim tushib qoldi, – deydi Himoyatxon opa ko‘tarinki kayfiyat bilan.
Bu yil esa u tuman hokimligi taklifi bilan faoliyatini kengaytirdi. Endi u 1 gektar yerda 20 mingdan ortiq xrizantema parvarishlamoqda. Narxi ham chakki emas.
Himoyatxonning ishi faqat iqtisodiy samara bilan cheklanib qolmadi. U ishsiz va daromadsiz xotin-qizlarni o‘ylab, Gulchilik maktabini yo‘lga qo‘ydi. Bu yerda ayollar gulchilik sir-sinoatlarini qunt bilan o‘rganmoqda.
– Izlangan imkon topadi degan gap bor. Gulchilik orqasidan ishli, ham daromadli bo‘ldim. Kelgusida bu faoliyatimni yanada kengaytirmoqchiman, – degandi u o‘tgan yili. Bugun esa maqsadiga yetib, katta maydonda gul parvarishlamoqda.
Himoyatxon Eraliyevaning rejalari yanada ulkan. Kelgusi yil nafaqat globus guli, balki ko‘p yillik bozorbop gul turlarini ekishni mo‘ljallamoqda. Shuningdek, imkoniyat bo‘lsa, Toshkent–Termiz xalqaro trakti bo‘yida gul do‘koni ochish niyatida.
Har qanday katta ish kichik qadamdan boshlanadi. Himoyatxon ham dastlab 15 sotix yerda ish boshlagandi. Bugungi kunga kelib, u hamma havas qilgulik tadbirkorga aylandi. U parvarishlayotgan gullar esa nafaqat o‘z oilasiga, balki yuzlab ayollarga ham umid va quvonch bag‘ishlamoqdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri