Mamlakatimizda iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini yumshatish maqsadida cho‘llanishning oldini olish, yerlarning degradatsiyaga uchrashiga barham berish bilan bog‘liq tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu sa’y-harakatlar nafaqat yurtimiz, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida ekologik xavf-xatarlarning oldini olishga xizmat qiladi. Shu ma’noda bugun himoya o‘rmonzorlari barpo etish ishlari hududlarning tuproq va iqlim sharoitlari hisobga olingan holda olib borilmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmon ijrosini ta’minlash maqsadida Ekologiya vazirligi huzuridagi O‘rmon agentligi tomonidan joriy yil boshidan ishlab chiqilgan yo‘l xaritalari asosida amaliy ishlarga kirishildi.
Respublika o‘rmon fondiga kiruvchi cho‘l, tog‘ va tog‘oldi hududlarida yerlarning eroziyasi oldini olish maqsadida himoya o‘rmonzorlari barpo etish uchun 44 ta loyiha ishlab chiqildi. Buning uchun esa jami 3302 gektar yer maydonlari tanlab olindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida “Yashil loyiha” instituti mutaxassislari ishlab chiqqan loyihalar asosida 17 ta davlat o‘rmon xo‘jaligi tomonidan jami 776 gektar maydonda himoya o‘rmonzorlari barpo etildi. Ayniqsa, Andijon, Xorazm, Sho‘rtan, Navoiy, Navbahor, Ohangaron va Qiziriq davlat o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan ushbu tadbirlar o‘z vaqtida sifatli amalga oshirildi, deyiladi O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi ma’lumotida.
E’tiborlisi, Orolning qurigan tubi va cho‘l hududlarida saksovul, cherkez hamda qandim kabi buta nihollari ekildi va urug‘lari qadaldi. Tog‘ va tog‘oldi hududlarda asosan pista va bodom, nisbatan suvli bo‘lgan yerlarda yong‘oq, na’matak, o‘rik, sug‘oriladigan yerlarga terak, qayrag‘och, pavlovniya va shumtol kabi tez o‘suvchi daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, daraxt va butalarning ko‘karuvchanlik darajasi yer tayyorlash ishlarining sifatli bo‘lishiga bog‘liq. Bunda yerlarga aynan belgilangan mavsumlar oralig‘ida ishlov berilishi, ko‘chatlar o‘z vaqtida agrotexnik me’yorlar asosida ekilishi va parvarish qilinishi muhim hisoblanadi. Shu kunlarda hududiy davlat o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan himoya o‘rmonzorlari barpo etish ishlari qizg‘in davom ettirilmoqda.
A.RUSTAMOV, O‘zA