Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Himoya orderlari talablarini bajarmaslik bilan bog‘liq 2 ming 747 ta huquqbuzarlik aniqlangan
12:04 / 2023-12-12

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari xodimlarining voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar hamda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish borasidagi faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

— Voyaga yetmaganlar orasida huquqbuzarlik holatlari ortib borayotgani hamda muammoli o‘quvchilar bilan ularning ota-onalari ishtirokida manzilli ishlash tizimida kamchiliklar mavjud ekanligi kuzatilmoqda, — dedi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev. — Shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga davlat himoyasini taqdim etuvchi, ularga tazyiq o‘tkazayotgan yoki zo‘ravonlik sodir etayotgan shaxslarga nisbatan ta’sir ko‘rsatish choralari qo‘llanilishiga sabab bo‘ladigan himoya orderi berilishiga qaramay, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarning soni hamon yuqoriligicha qolmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi  qaroriga asosan bugungi kunda tuman-shaharlar ichki ishlar organlari tizimida voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular bevosita o‘rta ta’lim maktablarida xizmat o‘tamoqda. Ularga shtat-birliklari ajratilgan. Inspektor-psixologlarga maktablarda psixologik muhitni yaxshilash, voyaga yetmaganlar orasida qonunbuzilishlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish hissini shakllantirish, muammoli o‘quvchilar bilan ularning yashash joylarida ota-onalari ishtirokida manzilli ishlash vazifalari yuklangan. Biroq, ularga o‘z vaqtida ta’sir choralarini ko‘rish uchun ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish vakolati berilmaganligi voyaga yetmaganlar  va ularning ota-onalari tomonidan inspektor-psixologlarning talablariga bo‘ysunmaslik hamda inspektor-psixologlar tomonidan amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlarga bepisandlik bilan qarashga olib kelmoqda.

[gallery-15041]

Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlarga ta’lim muassasalari hududi va uning atrofida o‘quvchilar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning oldini olish va maktablarda jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzish hamda belgilangan tartibda jazo chorasini qo‘llash vakolatlari berilmoqda.

Shu bilan birga, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlarga himoya orderi talablarini bajarmaslik uchun nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnoma tuzish vakolatini berish nazarda tutilmoqda.

Ichki ishlar organlari tizimida 337 ta shtat birligidan iborat xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar lavozimlari joriy etilgan. Tazyiq o‘tkazgan shaxslar tomonidan himoya orderlari talablarini bajarmaganlik uchun 2022 yilda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasiga asosan 2 ming 833 ta, 2023 yil boshidan buyon 2 ming 747 ta huquqbuzarlik aniqlangan. Biroq ushbu inspektorlar tomonidan aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish  vakolati mavjud emas.

Shulardan kelib chiqib, inspektor-psixologlarga huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzish hamda belgilangan tartibda jazo chorasini qo‘llash vakolatlari taqdim etilmoqda. Shuningdek, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlarga himoya orderlari talablarini bajarmaganlik uchun nazarda tutilgan ma’muriy bayonnoma tuzish vakolatini berish ko‘zda tutilmoqda.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

 

Muhtarama Komilova,

O‘zA