Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Himmati baland insonlar
10:30 / 2023-10-11

Oqshom “Oynai jahon” orqali mamlakatimizda, jahonda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarni ko‘rib o‘tirgandim, ittifoqo, O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondining Toshkent shahar bo‘limi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida lavhalar namoyish etildi.

Ko‘rsatuvda xayriya jamoat fondi ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan oilalarga berayotgan beg‘araz yordamlari haqida qisqacha, lekin g‘oyatda ibratli hikoya qilindi. Ertasi kuni ushbu jamoat fondi amalga oshirayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida  “Mahalla” xayriya jamoat fondining Toshkent shahar bo‘limiga bordim. Bo‘lim rahbari Soqijon Karimov ochiq chehra bilan qarshi oldi. U bilan bo‘lgan qisqa, mazmunli suhbatdan so‘ng muddaoga o‘tdim. 

– Aslida qo‘li ochiq, marhamatli odamlar qilayotgan saxovatlari to‘g‘risida gapirishni yoqtirmaydi, – dedi suhbatdoshim biroz o‘ng‘aysizlanib. – Maqtanyapti, deb o‘ylamang, yaxshisi, siz mana bu hujjatlarga bir razm soling...

Soqijon Karimov uzatgan bir dasta hujjatni olib, diqqat bilan ko‘zdan kechira boshladim.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi joriy – “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da qator e’tiborli ishlarni amalga oshirgan. O‘tgan 9 oy davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan shaxslarga, kam ta’minlangan va tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan 1 219 nafar fuqaroga jami 526 mln. so‘m miqdorda xayriya yordami ko‘rsatgan.

– “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi Toshkent shahar bo‘limi amalga oshirgan boshqa ishlar to‘g‘risida ham gapirib bersangiz, deyman... 

– Jamg‘arma o‘tgan 9 oy davomida Xalq deputatlari Toshkent shahar hamda tuman Kengashi qarorlariga asosan 47 mlrd. 330 mln. xayriya mablag‘i sarf qildi, – deya gap boshladi hamsuhbatimiz. – Bugungi kunda “Mahalla” xayriya jamoat fondi huzuridagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Temir daftar”ga kirgan 23 ming 368 nafar oilaga 37 mlrd. 356 mln. 195 ming so‘mlik yordam ko‘rsatildi.

Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga 214 mln. 870 ming so‘mlik, shuningdek, 
3 ming 754 nafar ehtiyojmand oilaga 9 mlrd. 759 mln. 
671 ming so‘m miqdorida beg‘araz yordam berildi.

– Tadbirkorlik yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar xususida ham to‘xtalsangiz...

– Ma’lumki, “Mahalla” fondi Ustavida tadbirkorlik foaliyatini tashkil etish, tadbirkorlik tuzilmalari faoliyat ustidan nazoratni amalga oshirish, rahbarlarning hisobotlarini eshitish, o‘z mol-mulklarini Respublika boshqaruvi qaroriga asosan tasarruf etilishi belgilab qo‘yilgan. 

Bu ishlarni amalga oshirishda shahardagi qaysi tuman “Mahalla” xayriya jamoat fondi rahbarlari faollik ko‘rsatayotganligi bilan qiziqdim. Suhbatdoshim qator tumanlardagi raislar ism-shariflarini sanab o‘tdi. Ular orasida Sergeli hamda Yangi hayot tumanlari “Mahalla” xayriya jamoat fondi rahbari Abdug‘ani Abdumajidovning ham ism-sharifi bor edi.  

 

Bu kishi haqida Sergeli, Yangi hayot tumanlariga qarashli mahallalarda yaxshi gaplar yurganidan xabarim bor edi. Abdug‘ani akani yaqindan bilganlar bilan suhbatlashsangiz: “Yaxshi, himmati baland inson” deb gap boshlaydi. Chindan ham Abdug‘ani aka el og‘ziga tushgan saxiy insonlardan biri. Kam ta’minlangan oilalar, nogironlar, yetim-yesirlar, qarovchisiz qolgan yolg‘iz qariyalarga mehr-shafqat ko‘rsatishda u kishining oldiga tushadigani yo‘q.

Sergeli tumanidagi “Ziyolilar” MFYda istiqomat qiluvchi 100 yoshni qarshilagan Zenara Karimova shunday deydi: “Abdug‘ani Abdumajidov tez-tez holimdan xabar olib turadi. Moddiy-ma’naviy yordam ko‘rsatadi. Bu himmati baland insondan nihoyat minnatdorman”.

“Sofdil” MFYda istiqomat qiluvchi Jamila Isroilovaning gaplari ham Zenara Karimovaning dil so‘zlariga hamohang: “Abdug‘ani aka nafaqat bizning, balki boshqa kam ta’minlangan oilalar, nogironligi bo‘lgan insonlar, yetim-yesirlar, yoshi ulug‘ yolg‘iz qariyalardan o‘z saxovatini ayamaydi. Bu yil Mustaqillik bayrami arafasida “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan xonadonimiz ta’mirlab berildi. Bundan boshimiz osmonga yetdi”... 

Abdug‘ani akani uyida uchrataman degan odam adashadi. U doimo ko‘ngli yarim, yordamga muhtoj insonlar tashvishi bilan yashaydi. Bir qarasangiz nochorroq oilaga moddiy yordam ko‘rsatish payida, bir qarasangiz, qarovchisiz qolgan keksa onaxon uyini ta’mirdan chiqarish uchun yugurib yurgan bo‘ladi... 

Biz qahramonimizni Sergeli tumanidagi omborxonada sodir bo‘lgan portlashdan jabr ko‘rganlarga yordam ko‘rsatish uchun shoshib yurganda uchratib, suhbatga tortdik.

– Abdug‘ani aka, charchamadingizmi?

– Uka, men kimgadir ozgina nafim tegsa huzur qilaman, charchog‘im esimdan chiqib ketadi.

– Savob ish ko‘ngilga quvvat beradi, deysiz-da...

– Savob – yaxshi narsa. Ammo burch, o‘zligingni anglash degan narsa ham bor bu dunyoda. Qaysidir arab mamlakatidan qaytgan tanishim u yerni eshiklari qulflanmas, o‘g‘ri zoti yo‘q, hammaga ishonch bor deb, yer-u ko‘kka ko‘tarib maqtadi. Yuragim titrab ketdi. Axir, bu biz o‘zbeklarning qadim-qadimdan qon-qonimizga singib ketgan, siz va menga begona bo‘lmagan qadriyatku. Nimasi adjablanarli?

Biz bir-birimizga yelkadosh bo‘ladigan, bir-birimizni yaxshi-yomon kunda qo‘llaydigan oqibatli insonlarmiz. Bunga yaqin tariximizdagi sinovli kunlarda yana bir bor qayta-qayta guvoh bo‘ldik.

Darhaqiqat, shunday. Abdug‘ani aka haq.

Haq yo‘lida halovati yo‘q, el tashvishi bilan yashayotgan Vatandoshlarimiz safi ko‘p bo‘lsin... 

Murod Tillayev,

O‘zbekiston Jurnalistlar 

uyushmasi a’zosi

O‘zA