Poytaxtimizda tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Yangi O‘zbekistonda ta’lim tizimini transformatsiya qilish va ta’lim sifatini oshirish” mavzusida tadbir o‘tkazildi.
Unda maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova o‘z fikrlarini bildirdi.
– Barchamizga yaxshi ma’lum, taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham, bu ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir, – deydi Hilola Umarova. – Shu ma’noda Taraqqiyot strategiyasida ta’limni rivojlantirish birinchi o‘rindagi ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasiga ta’lim olish huquqi va pedagog maqomi yuzasidan alohida normalar kiritildi.
O‘zbekiston zamini ikki buyuk uyg‘onish davri – Renessansga beshik bo‘lganini alohida ta’kidlab, Al-Farg‘oniy, Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Al-Buxoriy, At-Termiziy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod kabi buyuk daholar yetishib chiqqanini aytib o‘tmoqchiman. Ta’limni rivojlantirish aholisining 60 foizdan ortig‘i yoshlardan, 11 millioni bolalar va o‘smirlardan iborat bo‘lgan O‘zbekiston uchun shubhasiz, strategik masaladir. Albatta, bu demografik dividend bir tomondan mamlakat uchun katta chaqiriq bo‘lsa, ikkinchi jihatdan katta imkoniyatdir.
Shu jihatdan Uchinchi Renessans poydevorini yaratish, Vatanimizning taqdiri va kelajagi bo‘lgan, zamon bilan hamnafas yangi avlodni tarbiyalashni maqsad qilganmiz. Bu borada belgilangan vazifalarni amalga oshirishda sizlar bilan samarali hamkorlikni davom ettiramiz, degan umiddaman.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.
O‘zA