Poytaxtimizdagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilgan “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Muloqot davomida xorijiy tillarni o‘qitishni tubdan isloh etish bo‘yicha olib borilayotgan ezgu sa’y-harakatlar natijasida keyingi yillarda mamlakatimizning eng olis hududlaridagi maktablarning o‘quvchilari ham chet tillari bo‘yicha o‘tkazilayotgan tanlovlarda yaxshi natijalarni qo‘lga kiritayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi asosida bunday yuqori natijalarga erishgan yoshlar va ularning o‘qituvchilarini rag‘batlantirish maqsadida bu yil davlat byudjeti hisobidan Buyuk Britaniyaga ta’lim sayohatiga yuborish tashabbusi ilgari surilgani diqqatga sazovordir.
[gallery-14695]
–Tanlov boshlanganida uning barcha bosqichlarida mamlakatimizning turli hududlaridagi maktab o‘quvchilari juda faol ishtirok etdi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova. –Bu ishtirokchilardan 70 nafari tanlab olindi. Prezidentimiz xorijiy tillarni yoshlarga puxta o‘rgatish dolzarb masala ekanini doim ta’kidlaydi. Ularning tashabbusi asosida o‘quvchilar ham sayohat, ham ta’lim yo‘nalishida Buyuk Britaniyaga borayotgani yoshlar uchun juda katta motivatsiyadir.
Uchrashuvda qayd etilganidek, tanlovning tuman (shahar) bosqichlarida respublika bo‘yicha 34 ming 375 nafar o‘quvchi (6 ming 885 ta maktab) ishtirok etgan bo‘lib, ularning 32 ming 505 nafari ingliz tili, 1015 nafari nemis, 905 nafari fransuz tili yo‘nalishiga tegishlidir.
Tanlovning birinchi bosqich yakunlariga ko‘ra, yurtimiz bo‘yicha 208 ta tuman va shahar maktablari tanlovning ikkinchi (viloyat) bosqichiga tavsiya etildi. Ular orasida 207 ta maktab ingliz tili va bitta maktab fransuz tilidan ishtirok etdi.
Bellashuvlardagi xorijiy tillarni bilish darajasini aniqlashga qaratilgan topshiriqlar umumta’lim maktablarining 7-9-sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, savollarning qiyinlik darajasi osondan qiyinga tomon ta’lim tamoyillariga asoslandi. Test topshiriqlari ishtirokchilarning muloqot ko‘nikmalarini bosqichma-bosqich rivojlantirishga qaratilgan.
Tanlovning 2023 yil 14-18 avgust kunlari o‘tkazilgan respublika bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 ta viloyat va Toshkent shahridan bittadan maktab, jami 14 ta maktab va 70 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.
Ushbu bosqichda Buyuk Britaniyaning “Cambridge Assessment English” tashkilotiga tegishli bo‘lgan “Linguaskill” xalqaro testi vositasida ishtirokchilarni tinglab tushunish, yozish, gapirish va o‘qish ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi.
Respublika bosqichida ishtirok etgan 70 nafar o‘quvchi va 14 nafar o‘qituvchi joriy yilning 21-28 noyabr kunlari Buyuk Britaniyaga ta’lim sayohatida bo‘ladilar. O‘quvchilarimiz Angliyadagi ta’lim jarayonlari, jumladan, “Ardmor” til o‘qitish maktabi, Kembrij, London, Vinzor, Oksford shaharlari, Temza daryosi bo‘ylab sayohat qiladi. Ingliz tengdoshlari bilan o‘tkaziladigan turli uchrashuvlar, Buyuk Britaniya madaniyati va tarixi bilan bog‘liq tadbirlarda ishtirok etadi.
Aytish kerakki, “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining respublika bosqichi yakuniy natijalariga ko‘ra, Namangan shahridagi 7-maktab jamoasi 1-o‘rinni, Toshkent shahridagi Yashnobod tumani 145-maktab jamoasi 2-o‘rinni, Buxoro viloyati Buxoro tumanidagi 1-maktab jamoasi 3-o‘rinni egalladi. Birinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan jamoa 500 million so‘m, 2-o‘rinni egallagan maktab 400 million so‘m, 3-o‘ringa munosib topilgan jamoa 300 million so‘m bilan taqdirlangan.
–Avvaliga juda hayajonlandik, – dedi Namangan shahridagi 7-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Mubina Qahhorova. – 2022 yil qishdan boshlab tayyorgarlik ko‘ra boshladik. Birinchi o‘rinni olamiz deb sira o‘ylamagandik. Astoydil harakat qildik. Bunday e’tibor uchun Prezidentimizga, ustozlarimizga rahmat.
–Birinchi sinfdan boshlab o‘quvchilarni turli xorijiy tillar bo‘yicha fan olimpiadalariga tayyorlaymiz, – dedi Navoiy viloyati Uchquduq tumanidagi 20-maktabning ingliz tili o‘qituvchisi Muqaddas Muzaffarova. – Bolalarning chet tillarini o‘rganishga oid iqtidoriga qarab ular bilan mashg‘ulotlar olib bordik. Bu yil ikkinchi marta xorijiy tillar bo‘yicha final bosqichiga chiqyapmiz.
– Til o‘rganish bo‘yicha bunday loyihalar juda yaxshi, – dedi poytaxtimizdagi 18-maktabning ingliz tili o‘qituvchisi Usmon Ma’mur (AQSH). – Bolalar xorijiy tillarni mukammal egallashga oid bu kabi sayohatlarni juda yaxshi ko‘radilar. Hozir o‘qituvchilarga ham ingliz tilidan dars berish metodikasini o‘rgatayapmiz. AQSHda asosan xorijiy tillarni eshitish orqali tez o‘rganishadi. Bolalarni faqat sinfga o‘tqazib qo‘yib, ularga kitob orqali til o‘rgatish noto‘g‘ri. Ular ingliz tilida ko‘proq gapirishi, kerak bo‘lsa, sinfxonalarda yurib-yugurib, jonli tarzda muloqot qilishlari kutilgan natijani beradi. Ushbu tanlovda hakamlar hay’ati tarkibida ishtirok etdim. Bolalarga hozirgidagidek ko‘proq rag‘bat bo‘lsa, sertifikatlar topshirilsa, mana shunday e’tibor bo‘lsa, ular o‘z ustida ko‘proq ishlaydi.
Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda ta’lim tizimi mutasaddilari, pedagoglar o‘quvchilarga va ularning ustozlariga oq yo‘l tiladilar.
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA