Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hikmat Toshmatov: "2023 yil O‘zbekiston sportchilari uchun eng sermahsul yil bo‘ldi”
10:47 / 2023-12-20

Yana bir necha kundan keyin yangi 2024 yil eshik qoqadi. O‘tayotgan yil mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida o‘ziga xos yuksalish davri bo‘lganini e’tirof etmoq lozim.

Ayniqsa, jismoniy tarbiya va sport sohasida erishilmagan natijalardan ko‘ra, qo‘lga kiritilgan yutuqlar, muvaffaqiyatlar ancha sermahsul bo‘lganini e’tirof etmoq lozim.  

Bunda albatta, mamlakatimizda o‘tkazib kelinayotgan ichki musobaqalarning o‘rni beqiyos. Zotan, xalqaro turnirlar, chempionatlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qiladigan mahoratli sportchilar aynan ichki birinchilik va chempionatlarda saralab olinadi.  

Xo‘sh, yakunlanayotgan 2023 yil qaysi jihatlari bilan ajralib turdi? Mamlakatimiz sportchilari qancha turnir va chempionatlarda ishtirok etdiyu, natijalar qanday ko‘rinish oldi? Yilning so‘nggi kunlarida mamlakatimizda qaysi sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi? Shu kabi savollarga javob olish maqsadida Yoshlar siyosati va sport vazirligi Sport tadbirlari monitoringini yuritish bo‘limi boshlig‘i Hikmat Toshmatov bilan suhbatlashdik.  

– Mamlakatimiz sportchilarining 2023 yilgi natijalari qanday bo‘ldi? Bu borada vazirlikda olib borilgan monitoring holati qay ko‘rinishni aks ettirmoqda?  

– Albatta, Yoshlar siyosati va sport vazirligida kompleks musobaqalarda, rasmiy chempionatlarda yurtimiz sport jamoalarining ishtiroki doimiy tarzda monitoring qilib boriladi. Tahlillarimiz esa 2023 yilni har jihatdan omadli kelganini ko‘rsatmoqda. Yil davomida O‘zbekiston sport jamoalari 5 ta kompleks musobaqada qatnashgan bo‘lsa, mingdan ziyod xalqaro turnirlar, qit’a va jahon chempionatlari, jahon kuboklari, ochiq birinchiliklar, oddiy turnirlar, saralash bellashuvlarida o‘ziga xos natijaga erishdi. Birgina kompleks musobaqalardagi medallarimiz soni 394 taga yetgani ham fikrimizning dalilidir.  

– Bu yilgi kompleks musobaqalar orasida Xitoyda o‘tgan yozgi Osiyo o‘yinlari har jihatdan eng nufuzlisi bo‘ldi. Ushbu “kichik Olimpiya o‘yinlari” oldingilaridan qaysi jihatlari bilan farq qildi?  

– Osiyo o‘yinlarida mamlakatimizning 71 nafar sportchisi 20 ta sport turida ishtirok etib, 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza medallarni qo‘lga kiritdi va umum jamoada 5-o‘rinni egalladi. Natijadorlik borasida yurtimiz sportchilari Osiyo o‘yinlarining rekordini yangilashga muvaffaq bo‘ldi. Mazkur qit’a o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasi ilk bor qilichbozlik sport turining sablya yo‘nalishida ayollar jamoaviy dasturi va dzyudoda ayollar o‘rtasida oltin, ayollar kurashi va boksda bronza medallari qo‘lga kiritilgani ahamiyatli bo‘ldi. Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi 29 yildan so‘ng Osiyo o‘yinlarining bronza medaliga sazovor bo‘lgani, ayollar futbol jamoamiz 4-o‘ringa ko‘tarilgani, o‘q otish sport turining aralash jamoaviy dasturida 25 yildan so‘ng kumush, karate WKF sport turida 17 yildan so‘ng oltin medallarga ega chiqishini Yangi O‘zbekistonning yangi yutuqlari bo‘lganini faxr bilan ta’kidlashimiz lozim. Xuddi shuningdek, Paraosiyo o‘yinlari tarixida O‘zbekiston sport delegatsiyasi birinchi marta para kanoe, para akademik eshkak eshish, para taekvondo, para velosport va para shaxmat kabi sport turlaridan musobaqalarda ishtirok etib, yuqori natijalarga erishilgani, birgina para kanoe bo‘yicha ishtirok etgan 6 nafar sportchimizning barchasi oltin medalni qo‘lga kiritgani matonatli sportchilarimizning tarixiy yutug‘i sifatida talqin etildi.

– Xanchjouda o‘tgan Osiyo o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan g‘alabalar hududlar kesimida ham tahlil etildimi?  

– Nafaqat hududlar kesimida, balki alohida sport turlari yo‘nalishida, kerak bo‘lsa yetakchi sportchilarning jismoniy va ruhiy muvozanati borasida ham tahlillar olib borildi. Ma’lum bir xulosalarga kelindi. Birgina hududlar kesimida tahlil qilinganda, Samarqand viloyati yetakchilik qilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich Jizzax va Namangan viloyati hissasiga to‘g‘ri keldi. Samarqand viloyati sportchilari Osiyo o‘yinlarining 10 ta oltin medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Jizzax va Namangan viloyati vakillari 1 tadan oltin medalga ega bo‘ldi. Shuningdek, bugungi kunga qadar o‘tkazilgan kompleks va boshqa nufuzli xalqaro musobaqalarda qo‘lga kiritgan jami 394 ta medallarda eng kam ulush Jizzax, Navoiy va Surxondaryo viloyatlari hisobiga to‘g‘ri keldi. Xuddi shunday, 13 ta olimpiya sport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatlari alohida olib qaralganda, jami 61 ta medal qo‘lga kiritilgan. Lekin mazkur musobaqalarda Qashqadaryo viloyati birorta ham medal qo‘lga kiritmagan bo‘lsa, Navoiy viloyati 1 dona bronza medali bilan cheklangan.  

– 2023 yilning so‘nggi kunlarida mamlakatimiz sportchilari qanday musobaqalarda ishtirok etadi?  

– Shaxmatchilarimiz Samarqandda o‘tadigan jahon chempionatiga hozirlik ko‘rayotgan bo‘lsa, qishki sport turlari bo‘yicha musobaqa va o‘quv- mashg‘ulotlar ayni qizg‘in pallaga kirdi. Bir qator sport turlari bo‘yicha terma jamoalarimiz a’zolari "Parij-2024" Olimpiadasiga tayyorgarlik jarayonlarida qatnashsa, basketbol, dzyudo, boks, kurash, taekvondo kabi qator sport turlari bo‘yicha yilning so‘nggi mamlakat miqyosidagi musobaqalari o‘tkaziladi. Shundan keyin 2024 yilgi turnir va chempionatlar ham boshlanib ketadi.  

– 2024 yilda mamlakatimiz sportchilari qanday kompleks sport musobaqalarida yurtimiz sharafini himoya qilishi kutilmoqda?  

– Kelayotgan yangi yil Olimpiada yili bo‘lishi bilan ahamiyatlidir. Aynan "Parij-2024" Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari to‘rt yillikning eng nufuzli sport anjumani hisoblanadi. Bundan tashqari, joriy yilning yanvar oyida Janubiy Koreyada bo‘ladigan o‘smirlar o‘rtasidagi qishki Olimpiya o‘yinlari, yoz oyida Rossiya Federatsiyasining Yakutsk o‘lkasida kechadigan 8-Osiyo bolalari o‘yinlari hamda kuzda bo‘lib o‘tadigan Jang san’ati va yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlari kelayotgan yilning muhim kompleks musobaqalari hisoblanadi.  

 

O‘zA muxbiri To‘lqin Ro‘ziyev suhbatlashdi.