English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hikmat izlaganga – hikmatdir dunyo...
18:38 / 2023-02-01

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda «Klasterlar fermerni nega bir tiyinga olmaydi?» nomli maqola keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Maqolada go‘yoki paxta-to‘qimachilik klasterlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha e’lon qilgan qarorda mahalliy hokimlikning klasterlarning fermerlar bilan bo‘ladigan munosabatlariga ta’sir o‘tkazish qat’iyan man etilishi belgilanganligi, klasterlar fermer yetishtirgan hosilga sherik, lekin haqini vaqtida bermasligi, o‘tgan yil hosili uchun fermerlar bilan to‘liq hisob-kitob qilmagani, klasterlar ishiga mahalliy organlar aralashmasa, vazirlik aralashmasa, ular o‘z majburiyatini bajarmasligi hamda qaror loyihasi portalda muhokamaga qo‘yilmaganligi iddao qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 26 yanvardagi «Paxta xom ashyosi yetishtiruvchilar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarori loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etgan va loyihaga bir nechta takliflar bergan huquqiy ekspert sifatida quyidagi fikrlarni bildirishim mumkin.

Birinchidan, «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 34-moddasiga muvofiq, davlat organlari, boshqa tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslari tadbirkorlik faoliyati sub’ektlarining qonunchilikka muvofiq amalga oshirayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emas. Xuddi shunday, «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonunning 22-moddasiga ko‘ra, fermer xo‘jaliklarining xo‘jalik faoliyatiga davlat organlari va boshqa organ, tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslari aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qarorning 1-bandida mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatiga noqonuniy aralashish, ularning ta’sischilarini yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga chaqirish, fermerlar bilan bo‘ladigan munosabatlariga ta’sir o‘tkazish qat’iyan man etilishi aynan yuqoridagi qonunlarning talablariga muvofiq juda to‘g‘ri belgilandi.

Ikkinchidan, Fuqarolik kodeksining 354-moddasiga muvofiq, fuqarolar va yuridik shaxslar shartnoma tuzishda erkindirlar. Shartnoma tuzishga majbur qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bunday holatda teng huquqli tadbirkorlik sub’ektlari hisoblanuvchi klasterlar va fermerlar o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlarga davlat organlarining yoki mahalliy hokimlikning aralashuvi esa, shartnoma tuzish erkinligi prinsipiga zid hisoblanadi.

Uchinchidan, «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonuniga ilova «Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, ularga ilova qilinadigan axborot-tahliliy materiallarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning yagona uslubiyoti»ning 102-bandida fermer, dehqon va tomorqa xo‘jaliklarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga daxldor masalalarga doir loyihalar – O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining kengashi bilan majburiy tartibda kelishib olinishi belgilangan.

Qaror loyihasi ishlab chiquvchi tomonidan yuridik, iqtisodiy, moliyaviy, ilmiy, lingvistik, ekologik ekspertizadan, shuningdek, boshqa turdagi ekspertizalardan o‘tkazilgan hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan belgilangan tartibda kelishilgan.

Xususan, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining kengashi tomonidan ushbu qaror loyihasi fermerlar manfaati nuqtai nazaridan 3 marotaba qayta-qayta ko‘rib chiqilib, Kengashning 2022 yil 23 dekabr, 2023 yil 9 yanvar va 2023 yil 23 yanvardagi fermerlarning huquqlariga daxldor normalarni kiritish yuzasidan loyihani ishlab chiqqan organga yozma ravishda berilgan takliflari inobatga olingan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 17 martdagi «Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda huquqiy xizmat ko‘rsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, qoida tariqasida, loyihani ishlab chiquvchi tashkilotlar tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga (regulation.gov.uz) jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishi uchun joylashtirilishi belgilangan.

Mazkur қарор bilan fermerlar bir qator qulayliklar va imkoniyatlar yaratildi. Paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan bo‘nak to‘lash mahsulot yetishtiruvchilar bilan kelishuv asosida pul va moddiy resurslar shaklida amalga oshiriladi. Bunda moddiy resurslar, shu jumladan, urug‘lik, mineral o‘g‘itlar, yonilg‘i-moylash materiallari va o‘simliklarni himoya qilish vositalari ustamalarsiz (yetkazib berish bo‘yicha transport xarajatlari bundan mustasno) yetkazib beriladi. Paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan mahsulot yetishtiruvchilarga sotilgan urug‘lik, mineral o‘g‘itlar, yonilg‘i-moylash materiallari va o‘simliklarni himoya qilish vositalari elektron hisobvaraq-fakturalar orqali kunlik rasmiylashtirib boriladi;

- 2023 yildan boshlab, xorijdan olib kelingan va respublikamizda ishlab chiqarilgan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlarini sotib olgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga yer tekislagich agregatlari qiymatining 30 foizi Davlat byudjetidan qoplab beriladi;

- paxta xom ashyosi yetishtiriladigan maydonlarni nasos orqali sug‘orishda sarflanadigan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foizigacha qismi Davlat byudjetidan qoplab beriladi;

- paxta va g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining mazkur qaror kuchga kirish sanasi holatiga barcha soliqlari bo‘yicha hisoblangan va to‘lanmagan penyalari, istisno tariqasida hisobdan chiqariladi;

- qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash hamda uni hisobga olish muddatini paxta xom ashyosi bo‘yicha amalga oshiriladigan hisob-kitob muddatiga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

Beshinchidan, қарор bilan paxta-to‘qimachilik klasterlari ustidan quyidagi nazorat va monitoring ishlari o‘rnatildi:

- paxta to‘qimachilik klasterlari faoliyatini muvofiqlashtirish respublika komissiyasi tarkibi tasdiqlandi;

- Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan kelishilgan holda urug‘lik xo‘jaliklarini tanlash paxta to‘qimachilik klasteri tomonidan ularga ajratilgan yer uchastkalari va fermer xo‘jaliklarining paxta maydoni doirasida mustaqil ravishda amalga oshiriladi.

- Qishloq xo‘jaligi vazirligiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birga paxta xom ashyosi yetishtiruvchilarga ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanilishini auditdan o‘tkazish va biznes-konsalting tashkilotlarini shartnoma asosida jalb qilgan holda, paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini baholash va to‘rt tomonlama bitim majburiyatlari bajarilishining monitoringini olib borish huquqi berildi;

- Qishloq xo‘jaligi vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda har hosil yili yakuni bilan tomonlarning kelishuvida nazarda tutilgan majburiyatlarning bajarilishi, paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyati bo‘yicha monitoring olib boradi hamda natijasi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib boradi.

Klasterlar va fermerlarning shartnomaviy munosabatlarda, shartnoma shartlarining bajarilishida haqdorlikning vujudga kelishi hamda moliyaviy holatidan kelib chiqib, haqdorlikning kechiktirilib to‘lanishi tabiiy holdir. Ayni kunda klasterlarning fermerlardan, xuddi shunday fermerlarning klasterlardan haqdorligi mavjud.

Hozirda paxta-to‘qimachilik klasterlarining fermer xo‘jaliklari oldida 2739211 mln. so‘m qarzdorligi bo‘lsa, xuddi shunday fermerlar xo‘jaliklarining ham klasterlar oldida 686025 mln. so‘m qarzdorligi bor.

«Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida»gi qonunning 23-moddasiga muvofiq, xo‘jalik shartnomalarini tuzish, bajarish, o‘zgartirish va bekor qilish bilan bog‘liq bo‘lgan qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni qonun hujjatlariga muvofiq prokuratura organlari amalga oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 oktyabrdagi qarori bilan Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlariga fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari manfaatlarini ko‘zlab sudga davlat boji to‘lamasdan da’vo arizalari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari, ularning mansabdor shaxslari xatti-harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyatlar taqdim etish huquqi berilgan.

Kengash Bosh prokuratura bilan hamkorlikda fermer xo‘jaliklarining 2022 yil hosilidan topshirgan paxta xom-ashyosi uchun haqlarini undirib berish maqsadida fermerlar kesimida nomma-nom ro‘yxat qilinib, har bir fermer xo‘jaligining topshirilgan paxta xom-ashyosi uchun haqlarining to‘lanishi ahvoli tahlil qilinmoqda.

Hududiy kengashlar joylardagi prokuratura organlari bilan hamkorlikda fermer xo‘jaliklarining topshirilgan paxta xom-ashyosi uchun haqlarini undirib berish bo‘yicha klaster korxonalariga 14876 ta talabnomalar va talabnomalar ijrosi ta’minlanmagan holatlar bo‘yicha sudlarga 4177 ta da’vo arizalari kiritdi. Shuningdek, kengash va Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi hamkorlikda byuro organlari ish yurituvidagi ijro hujjatlariga asosan fermer xo‘jaliklarining paxta-to‘qimachilik klasterlaridagi haqdorliklari to‘g‘risidagi solishtirma dalolatnomalar rasmiylashtirilib, debitori bor korxona qo‘shimcha qarzdor sifatida jalb etilib, undiruvni uning mablag‘lariga qaratish choralari ko‘rilmoqda.

Fermerlarga qulaylik yaratish maqsadida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi fermer, dehqonlarimizning kunlik muammolarini aniqlash, tezkorlik bilan hal etish, huquqiy yordam ko‘rsatish uchun ijtimoiy tarmoqlarda o‘zining “FERMER MINBARI” (https://t.me/minbarfermer) telegram guruhi faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.

Prezidentimizning ushbu qarori bilan fermerlar va klasterlarga yer tekislagich agregatlari qiymatining 30 foiz Davlat byudjetidan qoplab berilishi, paxta yetishtirish maydonlarini nasos orqali sug‘orishda sarflanadigan elektr energiyasining 50 foizigacha qismi Davlat byudjetidan qoplab berilishining belgilanishi yoki davlat o‘z byudjetiga tushishi lozim bo‘lgan barcha soliqlar bo‘yicha hisoblangan va to‘lanmagan penyalarni hisobdan chiqarishida ham katta hikmat bor.

Qarordan ko‘zlangan maqsad fermerlar va klasterlarni qo‘llab-quvvatlash orqali iqtisodiyotimizni yanada rivojlantirish, xalqimiz dasturxoni to‘kin-sochinligini ta’minlashdir. Xalqimizda shunday naql bor – «Hikmat izlaganga-hikmatdir dunyo, ...» 

Xulosa o‘zingizdan.

Zafar Mustafoqulov,

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari
va tomorqa yer egalari kengashi raisining
huquqiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari