Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hermann Ferber: Qishloq xo‘jaligida ilg‘or xorijiy tajribalarni amaliyotga tatbiq etishni jadallashtirish muhim
16:22 / 2024-02-07

Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasida GFR Bundestagi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasi qo‘mitasi raisi Hermann Ferber bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Unda qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, ushbu yo‘nalishda qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. 

Uchrashuvda Bundestag vakiliga O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, suv resurslaridan oqilona foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va aholiga ekologik sof qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida agrar sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha belgilangan maqsadlar va vazifalarga urg‘u berildi. 

Janob Hermann Ferber mamlakatimizda turli jabhalarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholar ekan, qishloq xo‘jaligi sohasida raqamlashtirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni amaliyotga tatbiq etish jarayonini jadallashtirish muhimligini ta’kidladi. 

Shuningdek, qo‘mita rahbari Germaniyaning “AgrarKontakte International e.V.” uyushmasi orqali agrar soha yosh mutaxassislarining o‘zaro tajriba almashinuvi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda O‘zbekiston tajribasi nemis mutaxassislari tomonidan o‘rganilish borasidagi taklifini bildirdi. 

Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasiga ko‘ra, “AgrarKontakte International e.V.” uyushmasi turli hamkor mamlakatlar qishloq xo‘jaligining yosh iqtidorli mutaxassislari uchun amaliyot o‘tash dasturlarini olib boradi. Oliygoh va qishloq xo‘jaligi texnikumlari talabalari uchun amaliyot o‘tash dasturlari bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi kasb-hunar ta’limi va tashkiliy rivojlantirish kabi yo‘nalishlar ham yo‘lga qo‘yilgan. 

Uchrashuv yakunida tomonlar Germaniyaning Baden-Vyurtenberg federal yeriga agrar sanoati salohiyatini o‘rganish maqsadida ishchi tashrifni tashkil etish, keyinchalik esa o‘zbekistonlik soha vakillari bilan yaqindan hamkorlik qilish, o‘zaro delegatsiyalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari xususida ham fikr almashdi. 

N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA