Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Helen Textile”: Qishloq hududida eksportbop mahsulot ishlab chiqarish namunasi
12:17 / 2025-08-01

Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi mas’ullari Forish tumanida joylashgan “Helen Textile” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Korxonada trikotaj va to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlari hamda tayyor mahsulotni eksport qilishgacha bo‘lgan bosqichlar amaliy o‘rganildi.

Ushbu o‘rganish jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 8 fevraldagi “2022—2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni doirasida tashkil etildi. Mazkur farmonda eksportni qo‘llab-quvvatlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantirish, hududlarda ish o‘rinlarini yaratish kabi ustuvor vazifalar belgilab berilgan.

Ta’kidlash joizki, “Helen Textile” MCHJ bugungi kunda “bojxona hududida qayta ishlash” rejimidan samarali foydalanmoqda. Bu esa ishlab chiqarish jarayonida import qilingan xomashyoni qayta ishlab, tayyor mahsulot sifatida xorijiy bozorlarga eksport qilish imkonini bermoqda. Ushbu imkoniyatdan unumli foydalanish natijasida, korxona joriy yilning shu kungacha bo‘lgan davrida 4 million 400 ming AQSH dollari qiymatidagi mahsulotni eksport qilgan.

Tashrif doirasida tashkil etilgan muloqotda bojxona organlari va korxona vakillari o‘rtasida eksport-import jarayonlarini yanada soddalashtirish, elektron bojxona tizimi orqali operatsiyalarni tez va shaffof amalga oshirish, tadbirkorlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, shuningdek, sohadagi so‘nggi islohotlar haqida atroflicha fikr almashildi.

Ayni paytda “Helen Textile” korxonasida 500 nafardan ortiq ayollar doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan. Bu esa Prezident tomonidan ish o‘rinlarini ko‘paytirish va ayollar bandligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosining amaliy ifodasidir.

Tayyor mahsulotlar, asosan, Italiya, Avstriya, Angliya va Germaniya kabi rivojlangan davlatlarga eksport qilinayotgani, korxonaning xalqaro bozorda o‘z o‘rniga ega bo‘layotganini ko‘rsatadi.

Shu tariqa, “Helen Textile” nafaqat mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan, balki eksportga yo‘naltirilgan zamonaviy ish uslubiga ega korxona sifatida mintaqa iqtisodiyotida muhim o‘rin tutayotgan sub’ektga aylanmoqda.

A. Qayumov, O‘zA muxbiri