Oiladagi notinchlik, ajrimlar sabab faqat er-xotin aziyat chekmaydi. Bunday holatlarda o‘sha oila farzandlari – ertamiz egalari bo‘lgan yoshlar kamoloti ham so‘roq ostida qoladi. Albatta, hech qanday aliment pullari ota yo onaning o‘rnini bosa olmaydi. Shu bois, mamlakatimizda oilaviy ajrimlarning oldini olish bo‘yicha muntazam chora-tadbirlar amalga oshirilib, bu borada davlat idoralari va jamoat tashkilotlari hamkorligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Majburiy ijro byurosining Uchko‘prik tuman bo‘limi ish yurituviga FIB Qo‘qon tumanlararo sudining 2022 yil 8 fevraldagi qaroriga asosan qarzdor A.A. o‘g‘lidan undiruvchi M.A.ning qizi foydasiga bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun 1/4 qismi miqdorida aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati kelib tushgan. Davlat ijrochisining 18 martdagi qaroriga asosan qarzdorning chetga chiqish huquqlari vaqtincha cheklangan.
Ijro harakatlari davomida fuqaro M.A. bo‘lim boshlig‘i qabulida bo‘lib, oilasini tiklashda amaliy yordam so‘ragan. Shu yilning 23 may kuni kuni taraflar bo‘limga taklif etilib, oila muqaddasligi, farzandlar to‘kis oilada voyaga yetishi kerakli aytilib, tushuntirish ishlari olib borildi.

Shundan so‘ng xar ikki taraf o‘ziga tegishli xulosa chiqargan holda oila tiklanishiga erishildi va ijro hujjati tamomlandi.
Shuningdek, Byuroning Farg‘ona tumani bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan FIB Farg‘ona tumanlararo sudining qaroriga ko‘ra qarzdor M.N.dan undiruvchi M.R. foydasiga 1 nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan. Lekin qarzdor mazkur aliment pullarini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan. Davlat ijrochisi tomonidan olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida qarzdor yashash manziliga kelmasdan yashirinib yurganligi aniqlanib, unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Byuroning qidiruv sho‘basi tomonidan olib borilgan qidiruv tadbirlari davomida qarzdor topilib, u bilan olib borilgan profilaktik suhbatlar natijasida undiruvchi bilan yarashtirilishiga va bir nafar farzand ota-onasi bag‘riga qaytarilib, oila tiklanishiga erishildi.
Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida joriy yilning 4 oy davomida 1360 nafar oilani yarashtirishga erishildi.
M.Qosimova, O‘zA