Xalqimiz tomonidan qizg‘in muhokama qilinayotgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasida turli islohotlar jarayonida inson manfaatlari bosh mezon bo‘lishini ta’minlash, “Yangi O‘zbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyilini, xususiy mulk daxlsizligini, yerga egalik qilish huquqini, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rnini mustahkamlash kabi masalalar alohida e’tiborga olinmoqda. Bu esa xalqimiz, ayniqsa, tomorqa yer egalari, ishbilarmon doira vakillari tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotir.
Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O'zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Haitov Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumani «Qoraqursoq» mahallasi hududidagi 61-maktab binosida shu yerlik aholi, fermerlar, dehqon xo‘jaliklari, tomorqa yer egalari, mahalla raislari, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Bosh Qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartirishlar odamlar va jamiyatga qanday naf keltirishi mumkinligi haqida so‘z bordi. Qaysi moddalarga o‘zgartirishlar kiritilayotgani haqida tushuncha berildi.
Jumladan, Spiker o‘rinbosari 53-moddada qayd etilgan mulk huquqi to‘g‘risidagi o‘zgarishlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Unda keltirilgan iqtisodiy faoliyatda insofsiz raqobatga, monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi, hech bir shaxs o‘z mol-mulkidan sudning qarorisiz mahrum etilishi mumkin emasligi muhokama qilindi. Qolaversa, mazkur moddaga ko‘ra, mulkni jamoat ehtiyojlari uchun majburiy ravishda boshqa shaxsga o‘tkazish qonunda nazarda tutilgan alohida hollarda hamda tartibda uning o‘rnini oldindan va teng qiymatda qoplash sharti bilan amalga oshirilishi mumkinligi tushuntirildi.

Ishtirokchilar keltirilgan bandlar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari, savollari hamda takliflarini bildirdilar. Ayrim masalalar yuzasidan murojaatlariga javob oldilar.
M.Komilova, O‘zA