Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi va viloyat qo‘g‘irchoq tearti hamkorligida Qumqo‘rg‘on tumanidagi nogironligi bo‘lgan bolalar “Muruvvat” uyida “3 dekabr — Xalqaro nogironlar kuni”ga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.
Viloyat bojxona boshqarmasi, tuman hokimligi, tibbiy ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi mutasaddilari, madaniyat xodimlari ishtirok etgan tadbirda so‘nggi yillarda mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga qulay shart-sharoitlar yaratilayotgani ta’kidlandi.
Prezidentimizning 2022 yil 30 iyuldagi “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari hamda urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati faoliyatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Shunga muvofiq yurtimizdagi “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari hamda urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati Davlat bojxona qo‘mitasiga biriktirildi.
Ayni paytda Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi ham vohadagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning infratuzilmasini yaxshilash, vasiylikka olingan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirish uchun zamonaviy uslub va ijtimoiy texnologiyalarni joriy etish, vasiylikka olingan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratmoqda. Ularni protez-ortopediya moslamalari, reabilitatsiya qilishning texnik va gigiyenik vositalari bilan ta’minlash, vasiylikka olingan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda intellektual, jismoniy va ijodiy qobiliyatini rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda muayyan ishlarni amalga oshirmoqda.
Jumladan, vasiylikka olingan, pasporti va tug‘ilganlik guvohnomasi mavjud bo‘lmagan shaxslar o‘rganilib, 8 nafari ID kartalari bilan ta’minlandi. Yana 12 nafarining tegishli hujjatlari jamlanib, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni olish uchun fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritildi. 3 dekabr — Xalqaro nogironlar kuni arafasida Denov tumanidagi “Muruvvat” uyida Denov tumani fuqarolik sudi sudyalari, tuman adliya, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlari, “Denov” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari ishtirokida sayyor sud tashkil etilib, muruvvat uyida yashovchi 7 nafar pasportsiz fuqarolar shaxsi aniqlandi va tug‘ilganlik guvohnomasini rasmiylashtirish bo‘yicha sud qarori qabul qilindi.
Qumqo‘rg‘on tumanidagi nogironligi bo‘lgan bolalar “Muruvvat” uyida bo‘lib o‘tgan tadbirda viloyat qo‘g‘irchoq teatri va tuman madaniyat bo‘limi san’atkorlarining qiziqarli spektakl va kuy-qo‘shiqlari barchani xushnud etdi. Internat uyi tarbiyachilari va tarbiyalanayotgan bolajonlarning sahna ko‘rinishlari, kuy-qo‘shiqlari ham ishtirokchilarga bir olam quvonch ulashdi.
Tadbir yakunida fidoyi tarbiyachilar va tarbiyalanayotgan bolajonlarga viloyat bojxona boshqarmasining sovg‘alari topshirildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri