1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan har yili respublikamiz bo‘ylab tashkil qilinadigan bayram tadbirlarida barcha bolalar singari imkoniyati cheklangan hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ham alohida e’tibor qaratilishi an’anaga aylangan.
Ushbu bayram munosabati bilan joriy yilning 31 may – 1 iyun kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida vazirlik va idoralar tomonidan turli bayram tadbirlari tashkil etilmoqda. Unda 10 mingdan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar qamrab olingan.
Xalq ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda respublikamizdagi 86 ta imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarda yakuniga yetgan o‘quv yilida 21 ming 685 nafar aqliy va jismoniy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar ta’lim oladi. Shuningdek, nogironligi sababli maktab va maktab-internatlarda ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan 14 ming 59 nafar o‘quvchi uy ta’limiga jalb etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab tajriba-sinov tariqasida inklyuziv ta’lim tizimi joriy etilgan bo‘lib, 31 ta maktabda tashkil qilingan 43 ta inklyuziv sinflarda 85 nafar bola tengqurlaridan kam bo‘lmagan holda ta’lim olmoqda.
Bundan tashqari 6 ta “Mehribonlik uylari”, 3 ta SOS bolalar mahallalarida 650 nafar, 121 ta Oilaviy bolalar uylarida esa 770 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola tarbiyalanmoqda.
N.Usmanova, O‘zA