Hech kim mehr-eʼtibordan chetda qolmaydi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli bayoniga muvofiq shu kunlarda mamlakatimizda 3-dekabr – Xalqaro nogironlar kunini keng nishonlash maqsadida respublikamizda joriy yilning 30-noyabridan 30-dekabriga qadar mehr-muruvat oyligi oʻtkazilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli bayoniga muvofiq shu kunlarda mamlakatimizda 3-dekabr – Xalqaro nogironlar kunini keng nishonlash maqsadida respublikamizda joriy yilning 30-noyabridan 30-dekabriga qadar mehr-muruvat oyligi oʻtkazilmoqda.
Respublika mahallalar kengashi hamda Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi, hududiy boʻlim va boʻlinmalari tomonidan koʻngli yarim insonlarga mehr-muruvvat koʻrsatish, ularning holidan xabar olishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Mazkur tashkilotlar tomonidan 3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuniga bagʻishlab Toshkent shahrining Yashnobod tumanida joylashgan 103-sonli imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida tadbir oʻtkazildi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar jarayonida aholi barcha qatlamlarining manfaatlarini himoyalash, ularni kuchli ijtimoiy muhofazalashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Mahalla, oʻzini oʻzi boshqarish organlari orasida asrlar sinovidan oʻtgan, oʻzbek xalqining maʼnaviyati, turmush tarzi, urf-odat va anʼanalarini oʻzida mujassam etgan noyob boʻgʻin sifatida eʼtirof etiladi. “Mahalla” xayriya jamoat fondi muruvvat yoʻnalishida xayriya tadbirlarini amalga oshirish maqsadida yurtimizdagi tibbiy-ijtimoiy muassasalar, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, Mehribonlik, Muruvvat, Saxovat uylari, maxsus maktab-internatlari tarbiyalanuvchilarini qoʻllab-quvvatlash uchun dori-darmon, sanitariya-gigiyena vositalari, kiyim-kechak, oziq-ovqat, nogironlik aravachalaridan iborat muruvvat yordamlarini topshirib kelmoqda.
Joriy yil davomida “Mahalla” fondi respublika boshqaruvi hamda hududiy boʻlimlari orqali respublikamizdagi tibbiy va maxsus bolalar muassasalariga 2019-yil davomida bir qator amaliy ishlar amalga oshirildi.
Maʼlumotlarga koʻra kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand, boquvchisini yoʻqotgan, voyaga yetmagan farzandlari boʻlgan oilalarni qoʻllab-quvvatlash, sogʻligʻini tiklash va yakka-yolgʻiz qariyalar, nogironlar hamda tabiiy ofatdan jabr koʻrgan 37477 fuqaro uchun jami 6 milliard 263 million 990 ming soʻmlik moddiy yordam koʻrsatildi.
Bayram va shonli sanalar arafasida respublikamiz boʻyicha jami 1020 dan ziyod ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaro, yolgʻiz keksalar, urush va mehnat fronti faxriylari, nogironlar, Muruvvat, Saxovat uylari tarbiyalanuvchilari kiyim-kechak va oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlandi. Shu bilan birga 559 dona nogironlik aravachasi, 401 dona tikuv mashinasi va boshqa zarur jihoz va vositalardan iborat sovgʻalar topshirildi.
Bu kabi ijtimoiy xayriya aksiyalari jamiyatimizda hech kim mehr va eʼtibordan chetda emas ekanini yana bir karra namoyon etadi.