Mehr-oqibat, xayr-saxovat xalqimizga xos fazilatdir. Otaxon-u onaxonlarimiz hayotiy boy tajribasi, boshdan kechirgan mashaqqatlari, sinovlarda toblangan matonati barchamiz uchun ibrat maktabidir. Ulug‘ ayyom kunlarida ularni yo‘qlab, holidan xabar olish ham qarz, ham farzdir.
Shu nuqtayi nazardan Shofirkon tumani hokimi Alisher Fayzullayev madadga muhtoj, ehtiyojmand oilalar – “Arabxona” mahalla fuqarolar yig‘ini Arabxona qishlogida yashovchi Sulton Sulaymonov va uning turmush o‘rtog‘i Muslima Sulaymonova, Chig‘ilbak qishlog‘ida istiqomat qilayotgan 1-guruh nogironi Muhammad Rajabovlarning holidan xabar oldi.
Bobohaydar mahallasi, Toshtemir qishlog‘ida istiqomat qilayotgan Mashrab buvi Homidova ham asrni ortda qoldirgan pir-u badavlat onaxonlardan. Ayaning xonadoni doimo ziyoratchilar bilan gavjum. Ayniqsa, bayram kunlarida onaxonni yo‘qlab keluvchilar soni ortib, xonadon yanada fayz kiradi. Xuddi shunday, Shibirg‘on qishlog‘ida Sharofat Ochilovani hurmat-izzat bilan tilga olishadi. Boisi, turmush qiyinchiliklarini mardona yengib, turmush o‘rtog‘i bilan yelkadosh bo‘lgan nuroniy buvining sabr-matonati, kamtar-kamsuqumligi, oilasiga sadoqati ko‘pchilik uchun ibratdir.

Sharofat aya oilasida 10 nafar farzand tug‘ilib voyaga yetgan, ayni paytda turli sohalarda mehnat qilishmoqda. Farzandlarini hech kimdan kam qilmay, oq yuvib, oq taragan ota-onalar esa chekkan zahmatlari tufayli mehr-muruvvatga va e’zozga munosibdirlar.
“Kalon” mahalla fuqarolar yig‘ini, Labijo‘y ko‘chasida yashovchi 19 yoshli Iroda Iskandarova ham ming afsuski, taqdirning beayov zarbasiga duch kelgan va birinchi guruh nogironiga aylangan. Murg‘ak jussasiga nomuvofiq ismi jismiga mos katta iroda sohibasi jismoniy imkoniyati cheklanganiga qaramasdan, uyda yakka tartibda ishlab, chevarlik qilib tirikchiligini o‘tkazayotgani tahsinga loyiq.

Chig‘ilbak qishlog‘ida yashovchi Muhammad Rajabov ham umr bo‘yi duradgorlik qilib, elda hurmat qozongan mehnatkashlardan biri. O‘z davrida qishloqdoshlari imoratlari uchun bejirim eshik-derazalar yasab berib, baholiqudrat hissasini qo‘shgan usta baxtsiz hodisaga uchrab, oyoqlaridan qattiq jarohat olgan va ko‘p yildirki, og‘ir sharoitda yashab keladi. Ammo yaqin do‘st-birodarlari, farzandlari, qolaversa, mahalla-ko‘y Muhammad ota singari hayotning beshafqat ko‘rgiligiga duch kelgan, jismoniy imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizni chetlab qo‘ymagan.
Dorigar mahallasida esa 1-guruh nogironi Salomat Sulaymonovaning xonadoni hamisha sarishta-saranjomligini ko‘rish mumkin. Bu ham bo‘lsa, xonadonga kelin bo‘lib tushgan Guljon Rahmonavaning kuyunchakligi, qaynonasi xizmatiga doimo shayligidan bu. Nuroniy ayol parvarishida band bo‘lgan kelinning ishlashga imkoni yo‘qligi inobatga olinib, uy bekasiga subsidiya asosida issiqxona qurib berilib, limon ko‘chatlari yetkaziladigan bo‘ldi.

“Shodlik” mahalla fuqarolar yig‘ini, Qassoblar ko‘chasida istiqomat qilayotgan Xudoyberdi To‘layev jismoniy imkoniyati cheklangan, 1-guruh nogironi ekanligiga qaramay, hozir muhandislik texnikumida tahsil olmoqda.
Taqdirning ayovsizligini qarangki, tayanch harakat tizimida nuqsoni bo‘lgan Xudoyberdining ukasi M. To‘layevda ham shunday og‘ir kasallik alomatlari qayd qilingan.
Mahalla “Yoshlar daftari”ga kirgan bu aka-ukaning davo muolajalarini olishlari uchun 2023-yilda 11 million so‘m mablag‘ ajratilgan.
Uyida tuman hokimi bilan suhbatda Xudoyberdi nogironlar tayanch harakat aravachasiga ehtiyoji borligini bildirdi va uning bu murojaati shu kuniyoq qondirildi.
–Juda ham xursand bo‘ldim, -deydi Xudoyberdi To‘layev. – Tuman hokimi tayanch harakat aravachasi sovg‘a qildi. Endi men bemalol ko‘chalarni aylanishim mumkin. E’tibor, g‘amxo‘rlikdan boshim osmonga yetdi.
Zarchabek mahalla fuqarolar yig‘ini, Sultonobod ko‘chasida istiqomat qiluvchi, Bibirajab Qo‘ldosheva ham mahallaning faol ayollaridan bo‘lib, ko‘p yillar Shofirkon tuman maishiy xizmat ko‘rsatish kombinati mas’ul xodimi sifatida ishlagan. Bugunga kelib tabarruk 70 yoshga yetgan ayol ming afsuski, birinchi guruh nogironiga aylangan va tabiiyki, nogironlik aravachasiga muhtoj. Unga ham ayyom kunlari zamonaviy tayanch harakat aravachasi yetkazilgani ko‘ngillarni shod qildi.
Umuman, bu kabi misollarni yana davom ettirish mumkin. Muhimi, xayr-saxovat, mehr-oqibat ayyomi bo‘lmish Ramazon hayiti kunlarida tuman rahbari, homiylar, mahalla raislari, qolaversa, tibbiyot birlashmasi shifokorlari hamrohligida xonadoniga yo‘qlab borib, holidan xabar olingan ehtiyojmand, jismoniy imkoniyati cheklangan har bir oilaga madad yordami ko‘rsatildi. Muhtojlarga nogironlik aravachasi, bepul dori-darmon, kundalik zarur oziq-ovqat mahsuloti, salomatligini tiklash uchun kasalmand qariyalarga sanatoriyga bepul yo‘llanma berilib, ularning duolari olindi.
Chig‘ilbak qishlog‘ida suv taqchilligini bartaraf etish maqsadida bir hafta muddatda artezian qudug‘i qazilib, ishga tushiriladigan bo‘ldi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri