Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hech kim e’tibordan chetda qolmaydi
17:11 / 2023-06-01

1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan yurtimizning har bir go‘shasida, istirohat bog‘lari, maydonlar, ko‘ngilochar maskanlarda bolajonlar uchun bayram tadbirlari tashkil etilmoqda. Shu bilan birga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahallalar faollari “Oilaviy mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari, vasiylikka olingan chin yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lganlar, ijtimoiy ahvoli og‘ir oilalar farzandlari hamda uy ta’limida tahsil olayotgan bolalar holidan xabar olib, ularga sovg‘a-salomlar va bayramona kayfiyat ulashmoqda.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati bo‘limi vakillari ham viloyatning chekka tumanlarida, olis, tog‘li hududlarda istiqomat qiladigan, uy ta’limida tahsil olayotgan bolajonlar holidan xabar oldi. Angren shahri “Jigariston” mahallasi Konchilar ko‘chasi 53-uyda yashovchi Muhayyo Mardonova 3-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi. U uy ta’limi bo‘yicha o‘qiydi. “Taraqqiyot” mahallasi 36-uy, 26-xonadonda yashovchi Miraziz Mahmudov esa 18-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi. Uy ta’limi bo‘yicha tahsil olayotgan bu bolalar o‘z tengqurlari qatori maktabga chopqillab borib kelish imkoniga ega emasligidan o‘ksinadi. Salomatligida nuqsoni bor, qalbi o‘ksik bu o‘quvchilarga quvonch ulashildi, ularning ota-onalari bilan suhbatlashildi. 

Bundan tashqari, vakillar Ohangaron tumanida ham bo‘lib, bir qator ana shunday bolalardan holidan xabar oldi. Jumladan, “Chinor” MFY Birlik ko‘chasi 2-uyda yashovchi 2012 yilda tug‘ilgan Shaxina Abdumanoppova, “Ovjazsoy” MFY Qurama ko‘chasi 12-a uyda yashovchi 2009 yilda tug‘ilgan Xurshidbek Qo‘shdavlatovlardan xabar olinib ular bilan dildan suhbatlashildi. Bayram kunida holidan xabar olingan bu bolalarning ko‘nglini ko‘tarish, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida fond tomonidan Monoblok kompyuter jamlanmasi sovg‘a tariqasida topshirildi.  

M.Komilova, O‘zA